BUXORO QAL’ASI

BUXORO QAL’ASI — shaharni tashqi hujumlardan saqlash maqsadida qurilgan mudofaa devorlari (milodiy 6-asrning 2-yarmi — 16-asr). Buxoroning ilk qal’a devori 6-asr 2-yarmida sheri kishvar tomonidan bunyod etilgan Ark devori bo’lgan. Keyinchalik, 8-13-asr boshlarida shahar kengayishi natijasida qal’a devorlari bir necha bor qayta qurilgan. 1220 yil Chingizxon Buxoroni zabt etgan paytida uning mudofaa devorlarini buzib tashlagan. Abdullaxon Yadavriga kelib shahar devorlarining hozirgi shakli paydo bo’lgan. 19-asrda shahar qal’asi devorining umumiy uzunligi 12 kilometr, balandligi 10 metr, asosining qalinligi 5 metrni tashkil etgan. Devorning yuqori qismida kengligi 2 metrga teng o’tish joylari bo’lib, ulardan devor orqali mudofaa qurollari olib o’tish uchun foydalanganlar. 116 ta kichik minorachalar va 11 ta 2 minorali darvozadan iborat qal’a devorining ayrim yerlarida o’q otish uchun mo’ljallangan joylar mavjud bo’lib, devorning yuqori qismi o’tkir uchlar (dandona) dan iborat qilib yasalgan. 1920 yil sentabrda qizil qo’shinlarning Buxoroga bosqini oqibatida qal’a devorlariga zarar yetkazilgan. Keyingi davrda shaharning kengayishi natijasida qal’a devorlari shaharning bir qismida saqlanib qolgan. Eski qal’a devorlari buzilib, uning o’rniga yangi inshootlar barpo etilgan. Hozirgi kunda qal’a devorining saqlanib qolgan qismi shaharning qadimgi tarixidan dalolat berib turadi. Ad.: Istoriya Buxari, T., 1976; Rempel L. I., Dalekoe i blizkoe, T., 1982; Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.