BUXORO VA SAMARQAND SUV TAQSIMOTI

BUXORO VA SAMARQAND SUV TAQSIMOTI — Zarafshon daryosining Samarqand va Buxoro vohalari o’rtasidagi suv taqsimoti. Buxoro va Samarqand vohalarida suv taqsimoti Qadimdan to so’nggi vaqtlargacha muayyan tartibda davom etib kelgan bo’lib, Zarafshon dehkonchiligi uchun yaroqli erlarning ma’lum bir qisminigina sug’ora olgan, xolos. Qadimgi miroblar daryodagi suv sathining holatini “vaqti purob” (ko’p suvlik), “vaqti miyonob” (o’rta suvlik) va “vaqti qillatiob” (oz suvlik) paytlariga bo’lganlar. Zarafshon suvi o’rtacha bo’lgan paytlarda “nimjo’y”, ya’ni “yarim ariq” usulida taqsimlangan. Daryoda suv oz bo’lgan paytlarda hamma suv Buxoroga tashlangan. Bu “obpartav”, ya’ni “suv tashlash” deb atalgan. “Obpartav” faqat Buxoro shahrini suv bilan ta’minlash uchun qo’llanilib, mavsumda 2 marta (may oyining 2-yarmi va avgustning oxirida) amalga oshirilgan. “Obpartav” muddati 2-4 haftaga cho’zilgan. Zarafshon suvi masalasida Buxoro Samarqandga qaram bo’lgan. Shuning uchun ham Zarafshon vodiysining yuqori qismi podsho Rossiyasi tomonidan bosib olingandan so’ng Samarqand ma’muriyati bilan Buxoro amirligi o’rtasidagi munosabatlarda suv masalasi alohida o’rin tutdi. 1872 yil har ikki tomon vakillari ishtirokida Samarqandda Buxoro va Samarqand suv taqsimoti komissiyasi tuzildi. Komissiya Buxoro va Samarqand o’rtasidagi suv taqsimotining qadimgi tartiblarini muhokama qilib, mavsumda Buxoro uchun 2 marta — 15 apreldan 15 maygacha va 15 avgustdan 15 sentabrgacha daryoni “obpartav” yoki “nimjo’y” qilishga qaror qildi. 19-asrning 80-90-yillarida Samarqand vohasida sug’oriladigan dehqonchilik maydoni kengaytirilib, Zarafshon suvining ko’pi ana shu vohaning yuqori qismida sarf bo’la boshladi. Natijada Buxoro vohasi teztez suv tanqisligiga uchrab turdi. Suv masalasini Buxoro va Samarqand suv taqsimoti komissiyasi 1894, 1895 va 1902 yillarda qayta-qayta muhokama qildi. Komissiya Buxoro va Samarqand vohalaridagi sug’oriladigan yer maydoni hajmini nazarda tutib, quyidagicha qaror qildi: 1) Zarafshonda suv qancha bo’lishidan qati nazar, daryo suvining uchdan ikki qismi (67%)ni Samarqandga, uchdan bir qismi (33%) ni Buxoroga tashlash; 2) mavsumda ikki marta (2 apreldan 20 aprelgacha va 18 avgustdan 5 sentabrgacha) Buxoroga tashlanadigan suv miqdorini ko’paytirish. Ammo bu bilan Buxoro va Samarqand suv taqsimoti masalasi hal bo’lmadi. 19-asr oxirlarida Zarafshonning yuqori oqimida suv omborlari barpo etish va Buxoroga Amudaryodan suv chiqarish g’oyalari paydo bo’ldi. Bu g’oyalar 20-asr 60-yillariga kelib uzil-kesil amalga oshirildi: vohaning sug’orish sistemasi qayta qurilib, gidroinshootlar ko’paytirildi, Zarafshon bo’ylab “oq va qora daryo suv ayirg’ichi”, Xarxo’r, Shohrud, Shofirkon va boshqa yirik gidrouzellar qurildi, Kattaqo’rgon, Quyimozor suv omborlari, Amuqorako’l kanali va AmuBuxoro mashina kapali kabi ulkan sug’orish inshootlari to’liq qurilib, ishga tushirildi. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Axmad Donish, Istoriya mangitskoy dinastii, Dushanbe, 1967; Muhammadjonov A., Zarafshon vodiysiningsuv xo’jaligi tarixidan, T., 1959. Abdulahad Muhammadjonov.