BUXORO YAHUDIYLARI

BUXORO YAHUDIYLARI, O’rta Osiyo yahudiylari (o’zlarini “isroel”, “Bane isroel”, “yahudiy-tojik” deb atashadi) — O’rta Osiyonyng turli shaharlarida yashaydigan etnik guruh. Buxoro yahudiylari atamasi birinchi bo’lib 16-asrda paydo bo’lgan. Buxoro yahudiylarining o’tmishdagi u mumiy soni haqida aniq ma’lumot yo’q. Ingliz missioneri Volf Amir Nasrullaxon hukmronligi davri (1826-60) da Buxoroda 10 ming yahudiy yashaganligini ko’rsatib o’tgan. Aholini ro’yxatga olish ma’lumotlariga ko’ra, 1926 yilda O’zbekistonda 18172, 1989 yilda esa 28369, shu jumladan Buxoroda 4200 Buxoro yahudiylari yashagan. O’zbekistonda Buxoro yahudiylari, asosan, Buxoro, Samarqand, Qo’qon, Xatirchi, Shahrisabz, Andijon, Marg’ilon, Toshkent shaharlarida yashaydilar. Buxoro yahudiylari tili yahudiy-tojik tili bo’lib, tojik tilining Janub guruhiga kiradi. Buxoro yahudiylarining O’rta Osiyoda qachon paydo bo’lganlari munozarali. Ba’zi olimlar (M. Zand) ning fikricha, yahudiylar O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 6-asrda paydo bo’lganlar. Yahudiylar entsiklopediyasida Buxoro hududi Bibliyadagi xabar bilan, isroilliklarning o’n pushti surgun qilingan joylardan biri sifatida tenglashtirilgan (miloddan avvalgi 722). Arxeologax tadqiqotlarga ko’ra, yahudiylar O’rta Osiyo (Marv, Samarqand) ga 2-4-5-asr va 8-asrlarda kelganlar. Yozma manbalarga ko’ra esa miloddan avvalgi 1-asr—milodiy 1-asrda Marvga, 6— 80-asrlarda Xorazmga kelganlar. V. V. Bartoldning yozishicha, 10-asrda Movarounnahrda yahudiylar xristianlarga nisbatan ko’pchilikni tashkil qilgan. Tudellik sayyoh Veniamin (12-asr) ning ma’lumoticha, Samarqand shahrida 30 ming yahudiy yashagan. Yahudiylarning Buxoroda bo’lishlari to’g’risida ilk ma’lumot 13-asrga to’g’ri keladi. Buxoro yahudiylarining oilaviy afsonalariga ko’ra, 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida yahudiy to’quvchilar Amir Temur tomonidan Sabzavor, Sheroz va Bag’dodsan Movarounnaxrga olib kelingan. Ular keyinchalik mahalliy yahudiy jamoalari bilan aralashib ketishgan. 16-asrda Buxoro yahudiylarning bosh markaziga aylangan, shu asrda shaharda yahudiylar mahallasi — “Mahallai ko’hna” tashkil topgan. Buxoro yahudiylari iudaizm diniga e’tiqod qilishadi. Barcha shaharlarda, yahudiylar g’uj bo’lib yashagan mahallalarda sinagogalar bo’lgan. 20-asrning 30-yillari boshlaridagi stalincha qatagon davrida 1000 ga yaqin Buxoro yahudiylari hibsga olingan, sinagogalar, yahudiy maktablari, teatr, muzey va gazetalar yopilgan. Buxoro yahudiylaridan adabiy esdaliklarning mashhur mualliflaridan biri Solomon Ben Samuel bo’lgan. U 1338 yil Urganchda yahudiy tili lug’atini tuzgan, Moshe Ben Dovud forsiyda poemalar bitgan. 17- asr oxiri — 18-asr 1-yarmida shoir Yusuf Yagudi (Mollax Iosif Ben Isaak) ning “Yetti aka-uka” asari Buxoroda mashhur bo’lgan. Buxoro yahudiylarining asosiy mashgulotlari savdo, musiqashunoslik, artistlik, hunarmandchilik bo’lib, keyinchalik maishiy xizmat, pedagoglik sohalari, muhandis, vrachlik kasblarini egallashgan. Buxoro yahudiylari orasidan fan va madaniyatning yirik arboblari yetishib chiqqan: fan doktorlari — professor Yu. I. Ishoqov, I. A. Kalantarov, B. I. Pinxasov, N. M. Mallaev; kompozitorlar — M. Leviyev, S. Yudakov; rassomlar — Yu. M. Elizarov; O’zbekiston xalq artistlari — L. Boboxonov, B. Davidova, I. Oqilov, M. Yoqubova, M. Shamaeva shular jumlasidandir. O’zbekiston mustaqillikka erishgan (1991) dan keyin O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barcha millat va elat vakillarining tili, urf-odati, an’analariga hurmat bilan munosabatda bo’lishni, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishni kafolatladi. Buxoroda 2 sinagoga, yahudiy tilida o’qitiladigan maktab va bolalar bog’chasi faoliyat ko’rsatadi. Samarqandda “Shofar” gazetaso nashr qilinadi (1998). Turli diniy marosimlar erkin o’tkaziladi. Ad.: Almeyev R., Buxarskie yevrei, Buxoro, 1998. Robert Almeev.