BUXORODAGI VAKOLATXONALAR

BUXORODAGI VAKOLATXONALAR — Buxoro amirligida rus hukumati va sarmoyadorlari manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilgan muassasalar. Rossiya 1866-68 yillardagi bosqinchilik urushlari natijasida amirlikning talay yerlarini bosib oldi. 1868 va 1873 yillardagi shartnomalar natijasida amirlik Rossiyaga qaram mamlakatga aylantirildi. Buxoro-Rossiya siyosiy, iqtisodiy munosabatlari jonlanib ketganligi, bu munosabatlarda Rossiya manfaatlarini himoya qilish maqsadida oq podsho Aleksandr III ning 1885 yil 12 noyabrdagi farmoni bilan 1886 yil 1 yanvardan boshlab Buxoroda “Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi” — vakolatxonasi ta’sis etildi. 1903 yil 6 mayda podsho Nikolay II vakolatxona huquqlarini kengaytirdi. Mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga xizmat qilgan bu muassasaga barcha siyosiy-iqtisodiy, harbiy masalalar yuzasidan Amir hukumati bilan munosabatda bo’lish, Amir va uning vazirlari ustidan nazorat o’rnatish, Zarafshon daryosining suv taqsimoti bilan shug’ullanish, Buxoro-Afg’oniston chegaralarini kuzatib turish, Buxorodagi rus qarorgohlarida gazetalar va teatr pesalari ustidan nazorat o’rnatish huquqlari berildi. Siyosiy agent chor Rossiyasining rasmiy doimiy vakili bo’lib, Peterburg va Toshkentning Buxoro hukumati bilan qiladigan hamma aloqalari shu agent orqali o’tar edi. Siyosiy agent, shuningdek Buxoro amirligini o’zining ichki bozoriga aylantirishga intilgan rus sarmoyadorlari manfaatlarini ko’zlab bojxona tizimi, sanoat, temir yo’l, pochtatelegraf ishlarini to’la o’z nazoratiga oldi. 20-asr boshlariga kelib amirlik hududida paxta, Qorako’l teri sotiladigan bozorlar joyini belgilash kabi amirlikning mutlaqo ichki ishi hisoblangan masalalarga ham aralasha boshladi. 1917 yil Rossiyadagi Fevral inqilobidan so’ng agentlik nomi o’zgartirilib — Rossiya vakolatxonasiga aylantirildi. Rus qarorgohlarida sho’ro hokimiyati o’rnatilgach, Turkiston o’lkasi XKS ning Buxoro ishlari bo’yicha Kollegiyasi ta’sis etildi (1917 yil dekabr). Turkiston ASSR tashkil topgach (1918 yil 30 aprel), Turkiston o’lkasining Buxoro ishlari bo’yicha komissari tayinlandi. 1920 yil Buxoro xonligi tugatilgach, BXSR hukumati qoshida RSFSR hukumatining Muxtor vakiliga aylantirildi. Salkam 40 yil davomida turli shakl va nomlarda faoliyat ko’rsatgan bu muassasa faqat mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga xizmat qildi. Ad.: Tuxtametov T. G., Russkobuxarskie otnosheniya v kontse 19 — nachale 20 vv., T., 1966; Istoki drujbi, Dushanbe, 1987; Gafurov A., Iz istorii osnovaniya i razvitiya goroda kagana i ego roli v russkobuxarskix otnosheniyax, Buxara, 1989