BUXTARMA SUV OMBORI

BUXTARMA SUV OMBORI — Qozog’iston Respublikasining Sharqiy Qozog’iston viloyatidagi suv ombori. Irtish daryosida 1960-67 yillarda Buxtarma GES uchun to’g’on qurilishi natijasida hosil bo’lgan. Buxtarma suv ombori o’zidan yuqoriroqdagi Zaysan ko’li bilan tutashib ketgan. Maydoni 490 kilometr kvadrat, hajmi 49,6 kilometr kub, uzunligi 425 kilometrdan ko’proq, eng keng joyi 35 kilometr, o’rtacha chuqurligi 9,6 metr, vodiylarda uzunligi 30— 50 kilometr va eni 10 kilometrgacha bo’lgan qo’ltiqlar bor. Buxtarma suv ombori Irtish suvini tartibga solib, kema qatnovi sharoitini yaxshilaydi va Buxtarma GES (quvvati 675 MVt) ning to’la quvvat bilan ishlashini ta’minlab turadi. Sug’orishda foydalaniladi. Baliq ovlanadi (sazan, taran va osyotr).