BUYUK XITOY DEVORI
BUYUK XITOY DEVORI (xitoycha “Vanli chongchang” — “10 mingli uzunliqdagi devor”), Saddi chiniy — Shimoliy Xitoydagi qal’a devori. Qadimgi Xitoy me’morligining ulkan yodgorligi. Qal’a devori sifatida dastlabki qismi miloddan avvalgi 4-3-asrlarda (tosh va g’ishtdan ishlanib, ichini tuproq bilan to’ldirib, shibbalab) qurilgan. Miloddan avvalgi 2— 1-asrlarda G’arbga tomon 500 kilometrga uzaytirilgan. Keyinchalik uni qurish va mustahkamlash ishlari (eng muhimi 14-15-asrlar) davom etgan. 1953 yilda Szyuyyunguan qal’asi (Pekin) yaqinidagi qismi ta’mirlangan. Buyuk Xitoy devori Szyuyyunguan qal’asi (Gansu viloyatining g’arbi) va Shanxayguan (Lyaodun ko’rfazi qirg’og’i) qal’a qo’rg’oni oralig’ida cho’zilgan; ko’tarilish joylari va tarmoqlari bilan uzunligi 5000 kilometrga yaqin (to’liq saqlanmagan). Xitoy arxeolog olimlarining 2001 yildagi ilmiy tadqiqotlariga ko’ra, Xitoyning Janubiy g’arbidagi sun’iy tepalik ham Buyuk Xitoy devoriga dahldorligi — uning davomi ekanligi aniqlandi. Bu bilan Buyuk Xitoy devorining umumiy uzunligi 530 kilometrga ko’paydi. Buyuk Xitoy devorining balandligi — 6,6 metr (shinaklarining devorlari bilan 8-10 metrgacha), kengligi — asosida 6,5 metrdan yuqorisida 5 metrgacha. Har bir necha yuz metrda soqchilar uchun to’rtburchakli Burjlar (balandligi 10-12 metr) qurilgan, har 10 kilometrda kuzatish va xabar berish uchun minoralari, tog’dagi muhim o’tish joylarida mustahkam qo’rg’onlari bo’lgan. Buyuk Xitoy devori me’moriy yodgorlik sifatida saqlanadi. Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Buyuk Xitoy devori “Saddi Chin” devori nomi bilan tilga olingan.