BUZILMASLIK
BUZILMASLIK — biror texnik qurilma (mashina, uskuna va boshqalar) ning ma’lum xizmat muddati davomida (masalan, ta’mirlashgacha) ishga yaroqliligini uzluksiz saqlash xossasi; ishonchlilik ko’rsatkichlaridan biri. Texnik qurilmaning ishga yaroqlilik va yaroqsizlik darajasiga bog’liq. Ishga yaroqlilik — texnik qurilmaning o’z “vazifasi”ni texnik shartlar ko’rsatkichlariga mos ravishda bajara oladigan holati. Ishga yaroqsizlik qurilmaning texnik shartlar ko’rsatkichlaridan birortasiga javob bermay, ishga yaroqliligini yo’qotgan holati. Texnik qurilma ishga yarab, texnik shartlarning ikkinchi darajali talablariga javob bermaydigan holati kamchilik deyiladi. Texnik qurilma tiklanuvchi va tiklanmovchi bo’lishi mumkin. Ishlamay qolganda tuzatilib ishga yaroqliligi qayta tiklanadigan qurilma tiklanuvchi qurilma, ishlamay qolganda ishga yaroqliligini tiklab bo’lmaydigan qurilma tiklanmovchi qurilma deyiladi. O’rtacha xizmat muddati va buzilmasdan ishlash ehtimoli har bir texnik qurilmaning asosiy Buzilmaslik ko’rsatkichi hisoblanadi. Texnik qurilma yoki uzelning buzilmasligi ularning detallari buzilmasligi orqali belgilanadi. Har bir detalning ishga yaroqliligi yo’qolishi bilan qurilma (yoki uzel) ning ishga yaroqliligi ham yo’qoladi.