CHAG’ONIYON

CHAG’ONIYON (Arabcha Sag’oniyon) Surxondaryo (Chag’onrud)ning o’rta va yuqori oqimi bo’ylarida joylashgan tarixiy-madaniy viloyat. Dastlab Syuan Szan tomonidan (milodiy taxminan 630 yil) qayd etilgan. Bu hududda insonlar yashaganligining eng qadimgi izlari mezolit va neolit davrlariga oid. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida bu yerda ilk dehqonchilik manzilgohlari (Mo’lalitepa), miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtasida esa ilk shahar (Qiziltepa) vujudga kelgan. Miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 1-asrda Chag’oniyon yuechjiylar davlatining asosiy markazlaridan biri bo’lgan. Milodiy 1-3-asrlarda Chag’oniyon Kushon podsholigi tarkibiga kirgan. Chag’oniyonning iqtisodi va madaniyati bu davrda ravnaq topgan, ko’plab shahar va qishloqlar vujudga kelgan, tovar-pul munosabatlari, sug’orma dehqonchilik, turli kasb-hunarlar, tasviriy va amaliy san’at (ayniqsa, haykaltaroshlik) rivojlangan (Xolchayo’n, Dalvarzintepa). Milodiy 3-4-asrlarning 2-yarmida Chag’oniyon sosoniy kushonshoxdar qo’l ostida bo’lgan. Milodiy 5-asrning 2-yarmi — 6-asrda viloyat avval Eftaliylar, so’ngra Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan. 6-asrning 2-yarmidan — 8-asrning 2-yarmigacha Chag’oniyonni mahalliy sulola boshqargan, u nomigagina Toxaristonning oliy hukmdorlari — turkiy yabg’ularga bo’ysungan. Chag’oniyonning ayrim hukmdorlari — xidevlar yoki Chag’onxudotlarning ismlari yozma, epigrafik va numizmatik ma’lumotlar bo’yicha aniqlangan: Fag’anish, Sashr, Zarin, Turontosh, Tish, Xnar. Milodiy 7-asrning 2-yarmida Chag’oniyonga arablar kirib kelgan, ular 8-asr oxirida mahalliy sulolani tugatganlar. 9-asrning o’rtasi yoxud 2-yarmidan 11-asr boshigacha Chag’oniyon — somoniylarning eng qudratli yarim mustaqil vassallaridan hisoblangan muxtojiylar sulolasidan bo’lgan hokimlarning merosiy mulki bo’lgan. Bu sulola amirlari Abu Bakr Muhammad bin Muzaffar (940/941 yil vafot etgan), ayniqsa, Ahmad bin Abu Bakr Muhammad — Abu Ali Chagoniy (955/956 yil) Somoniylar saroyida eng muhim ma’muriy mansablarni (jumladan, Xuroson noibi va sipohsolorlik) egallaganlar. Muxtojiylar davrida Chag’oniyon tarkibiga hozirgi Surxondaryo viloyatidan tashqari Tojikistonning shimoli g’arbidagi Shuman va Oxarun viloyatlari kirgan. Chag’oniyon poytaxti ham Sag’oniyon deb atalib, Denovdan 6 kilometr Janubi sharqdagi Budroch shahri xarobasi o’rnida bo’lgan. Chag’oniyon (Sag’oniyon) shahri bu davrda Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri bo’lgan. Chag’oniyon Amiri Axmad bin Muhammad esa ko’plab buyuk shoirlar (Daqiqiy, Farruxiy, Manjuqiy) homiysi (Mamdux) sifatida Sharqsa Shuhrat qozongan. 11-asrning 1-yarmida Chag’oniyon ma’lum darajada qoraxoniylarga qaram bo’lgan, ayrim vaqtlarda u mustaqil mulk hisoblangan. 11-asrning 2-yarmi — 11-asrning 1-yarmida Chag’oniyon Saljuqiylar davlati tarkibiga kirgan. 11-asrning 2-yarmi — 13-asr boshida Chag’oniyonni Qoraxoniylar, qarluqlar, g’uriylar, Xorazmshoxlar idora etgan. Mo’g’ullar istilosidan so’ng 13- asr o’rtasida Chag’oniyon Chig’atoyxonning nabirasi Esun Tuvaning, so’ngra uning o’g’li Baroqning merosiy mulkiga aylangan. Bu davrda yangi shahar ilgarigi rabod o’rnida vujudga kelib 16-asr boshiga qadar mavjud bo’lgan, so’ngra Shayboniyxon tomonidan bosib olintan. Shundan so’ng asosiy markaz Dehinav (hozirgi Denov) ga ko’chgan. Ad.: Rtveladze E.V., Velikiy shelkoviy put, T., 1999; Bo’rieyv O., Temuriylar davri manbalarida Chag’oniyon, T., 2001; Chagoniyon tarixi, T., 2002.