CHAVCHAVADZE ILYA GRIGOREVICH
CHAVCHAVADZE ILYA GRIGOREVICH [1837.27.10(8.11), Kvareli 1907.30.8(12.9), Tbilisi] — gruzin yozuvchisi va jamoat arbobi. Peterburg universitetida (1857-61) tahsil ko’rgan. 1861 yil vataniga qaytib, gruzin adabiyotidagi inqilobiy-demokratik yo’nalishga boshchilik qilgan. 1864 yildan e’tiboran adabiy faoliyatdan tashqari, davlat va jamoatchilik muassasalarida ham xizmat qilib, 1861 yil islohoti tufayli dvoryanlar va dehqonlar o’rtasidagi munosabatni muvofiqlashtirish ishlari bilan shug’ullangan. Uzoq yillar gruzinlar o’rtasida savodxonlikni tarqatish jamiyatiga rais, “Iveriya” gazetasiga muharrir (1877— 1902) va gruzin dramaturglari jamiyati hay’atiga rahbar (1879 yildan) bo’lib ishlagan. 1906 yilda esa Davlat Kengashiga a’zo etib saylangan. Chavchavadze Tbilisidan Saguramoga ketayotganida chor oxrankasi josuslari tomonidan uldirilgan. Chavchavadze ijodi 19-asrning 50-yillarida boshlangan. “Ro’yo” (1859), “bir necha manzara yoki qaroqchi hayotidan bir lavha” (1860) dostonlari va “faqir kishining hikoyasi” (1859-62), “u ham odammi?”(1859— 63), “otarning bevasi” (1880) qissalarida Chavchavadze Fuzin jamiyatidaga sinfiy-tabaqaviy ziddiyatlarni, mehnatkash xalq haq-huquqlarining poymol qilinganini aks ettirgan. Tabiat tasviriga bag’ishlangan “Kvareli tog’lariga” (1857) singari ayrim she’rlarni istisno qilganda Chavchavadzening poetik asarlarida ham vatanparvarlik g’oyalari ustuvorlik kilgan. Shoirning xalq ijodi asarlari syujeti asosida yozilgan “Darvesh” (1883) dostonida inson jamiyatda yashashi va shu jamiyatni takomillashtirish yo’lida mehnat qilishi lozim, degan fikr olg’a surilgan. Gruzin adabiy tilini xalqqa yaqinlashtirish va gruzin adabiyotida realistik tasvir teranlashuvida Chavchavadzening xizmatlari katta. Asarlari ko’plab tillarga tarjima qilingan. Shoir Matsminda tog’i (Tbilisi) dagi gruzin adabiyoti va madaniyati arboblari panteoniga dafn etilgan. As: Stixotvoreniya i poemi, Leningrad, 1979.