CHAYON CHAQISHI

CHAYON CHAQISHI — kishi hayoti uchun xavfli holat. Chayon chaqqan joyda kuchli og’riq seziladi, keyinchalik u qon tomirlari va nerv tolalari orqali butun tanaga tarqaladi. O’sha joy qizib, ba’zan “muzlab” jonsizlanadi, qichishadi, qizarib shishadi, goho unda pufakchalar paydo bo’ladi; kishi holsizlanadi, boshi aylanadi va og’riydi, eti uvishadi. Og’irroq hollarda tomir tortishib, nafas olish, gapirish qiyinlashadi. Chayon chaqqan joyga nashatir spirti surtib, issiq qilish lozim, unga sarimsoq yoki piyozni ezib qo’yish, margansovka (kaliy permanganat) eritmasi bilan vanna qilish ham mumkin. Chayon chaqqan kishida behollik alomatlari kuzatilsa, darhol vrachga murojaat etish zarur. Unga iloji boricha ko’p suyuqlik ichirish lozim. Chayon chaqishini oldini olish uchun chayon o’lja qidirib kirib qolishi mumkin bo’lgan poyabzal, kiyim va boshqalarni qoqib-suqib kiyish maqsadga muvofiq.