CHEBOKSARI

CHEBOKSARI (Chuvashcha — Shupashkar) — Rossiya Federatsiyasi Chuvashiya Respublikasidagi shahar, respublika poytaxti (1925 yildan). Volga daryosining o’ng sohilida, Cheboksar daryosining Volgaga kuyilish joyida. Temir yo’l stantsiyasi, avtomobil yo’llari chorrahasi, aeroport bor. Yirik daryo porti. Aholisi 440,6 ming kishi (2002). Ilk bor 1469 yil solnomasida uchraydi. 1555 yildan rus davlati qal’asi. Volga bo’yining yirik savdo markazi. 1781 yildan Qozon gubernyasi uezd markazi. 1920 yildan Chuvashiya Muxtor viloyati markazi, 1925 yildan Chuvashiya Muxtor Respublikasi poytaxti, 1992 yildan Chuvashiya Respublikasi poytaxti. Yetakchi sanoat tarmoqlari: mashinasozlik (elektrotexnika sanoati, priborsozlik, traktorsozlik va boshqalar), yengil (shu jumladan, ipgazlama kombinati); shuningdek, oziq-ovqat (sut zavodi, go’sht kombinati), qurilish materiallari sanoatlari mavjud. Issiqlik elektr stansiyasi bor. 3 oliy o’quv yurti (shu jumladan, Chuvashiya universiteti), 5 teatr, 4 muzey (o’lkashunoslik, badiiy, adabiyot va boshqa muzeylar), filarmoniya, kartinalar galereyasi faoliyat ko’rsatadi. Me’moriy yodgorliklardan troisa monastiri (16-asr), Vvedenie sobori (1651), Vozdvijenie (1702) va Uspenie (1763) cherkovlari, 17-18-asrlarda qurilgan turar joy binolari saqlangan.