CHERKASSI

CHERKASSI — Ukrainaning Cherkassi viloyatidagi shahar (1795 yildan), viloyat markazi. Kremenchug suv ombori (Dnepr daryosi) o’ng sohilidagi port. Temir yo’l va avtomobil yo’llari chorrahasi. Aholisi 295,4 ming kishi (2001). Cherkassi Litva qo’l ostida bo’lgan Kiyev knyazligi tarkibida 1394 yildan ma’lum. 1954 yildan viloyat markazi. Sanoatning muhim tarmoqlari: kimyo, mashinasozlik va metallsozlik, yengil va oziq-ovqat sanoatlari. Yirik korxonalari: kimyo kombinati, kimyoviy tola va kimyoviy reaktivlar, plastmassa va boshqalar, “Rotor” ishlab chiqarish birlashmasi, shakarqand, sut zavodlari, konserva, go’sht, tamaki, tikuvchilik birlashmasi, trikotaj fabrikalari, shoyi gazlamalar kombinati va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Pedagogika instituti, 2 teatr, filarmoniya, o’lkashunoslik muzeyi bor.