CHERNISHEVSKIY NIKOLAY GAVRILOVICH
CHERNISHEVSKIY NIKOLAY GAVRILOVICH [1828.12.24 (7) Saratov 1889.17(29).10] — rus publitsisti, adabiy tanqidchi va jamoat arbobi. Peterburg universitetining tarix-filologiya bo’limini (1846-50) tugatgan. Rus jamiyatida ilk demokratik harakat va inqilobiy vaziyat uchqun olgan 1859-61 yillarda “Sovremennik” jurnali “dehqonlar demokratiyasi”ning minbariga aylangan. Shu jarayonga boshchilik qilgan hamda inqilobiy ruhdagi varaqalarni tayyorlash va tarqatishda ishtirok etgan Chernishevskiy rus muhojirlari bilan aloqada ayblanib, 1862 yil 7 iyulda hibsga olinadi. Chernishevskiy Petropavlovsk qal’asida o’zining mashhur “Nima qilmoq kerak?”(1863) romanini yozadi. Chernishevskiyni 7 yil muddatli qatorga ishlariga yuborish haqidagi hukm e’lon qilinib, ochiq maydonda “fuqarolik jazosi” o’tkazilgach (1864 yil 19 may), u jandarmlar hamrohligida Sibirga yuborilgan. 20 yildan ziyod umrini qamoq, katorga va surgunda o’tkazib, 1883 yilda Astraxonda yashash sharti bilan ozod etilgan. Chernishevskiyning asosiy faoliyati dehqonlar inqilobi yordami bilan Rossiyani yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. U Yevropadagi inqilobiy harakatlardan saboq chiqargan holda agrar Rossiyaning kelajagini dehqonlar inqilobining ro’y berishi va shu inqilobning bo’lajak samaralarida ko’rgan. Chernishevskiy Rossiyadagi mavjud siyosiy tuzumni dehqonlar inqilobi yordamida o’zgartirish g’oyasini olg’a surish bilan birga Yevropada shakllanib borayotgan kapitalizmni ham qabul qilmagan. Chernishevskiy Rossiyada kapitalizm bosqichini kechirmay turib, yangi, taraqqiy etgan va demokratik me’yorlar ustuvorlik qilgan jamiyatni barpo etish mumkin, deb hisoblagan. Shuning uchun ham sho’ro davri faylasuflari Chernishevskiyning siyosiy-ijtimoiy qarashlarini utopik sotsializm ta’limotining ko’rinishlaridan biri sifatida baholab kelganlar. Chernishevskiyning asosiy adabiy-estetik qarashlariga ko’ra, “san’at — san’at uchun” nazariyasi zararli; g’oyaviylik, xalqchillik va haqqoniylik adabiyotning ustuvor tamoyillaridir. Chernishevskiyning adabiy-tanqidiy va estetik qarashlari, birinchi navbatda, o’z davri uchun, rus adabiyoti va san’ati uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Chernishevskiyning adabiy merosida “nima qilmoq kerak?”(1862-63) romanidan tashqari, Sibirda yozilgan “muqaddima” (“Prolog”, 1867— 69) romani, “bir kiz tarixi”, “Barbarussaning avlodi”, “Yog’du jilolari” singari hikoyalar, “Yechimsiz drama”, “Olijanob yer”, “Bo’tqa tayyorlovchi pazanda” kabi pyesalar bor. Bu asarlar orasida “Muqaddima” va, ayniqsa, “Nima qilmoq kerak?”romanlari alohida mavqega ega. Chernishevskiy “Nima qilmoq kerak?”romani asosida eski hayotni yomon ko’rgan, eskicha yashashni xohlamagan, o’z Vatanining go’zal ertangi kunini yaqinlashtirishni istagan kishilar nima qilishlari lozim, degan savolga javob berishga uringan. Chernishevskiyning “Muqaddima” romani ham jamiyatni qayta qurish muammosiga bag’ishlangan bo’lib, unda ham rus adabiyotidagi “Yangi kishilar” obrazi yaratilgan. As.; Tanlangan adabiytanqidiy maqolalar, T., 1956; nima qilmoq kerak? T., 1968; Sochineniya, t. 1-5, M., 1974. Ad. Pokusaev E.I., N.G. Chernishevskiy, M., 1976; Lantshikov A., N.G.Chernishevskiy, M., 1982; N.G.Chernishevskiy v vospominaniyax sovremennikov, M., 1982. Naim Karimov.