CHERNOVSI VILOYATI
CHERNOVSI VILOYATI – Ukraina tarkibidagi viloyat. 1940 yil 7 avgustda tashkil etilgan. Maydoni 8,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 913 ming kishi (2004), asosan, ukrainlar, shuningdek, moldavan, rumin, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 36%. 10 ma’muriy tumanga bo’lingan, 10 shahar va 9 shaharcha bor. Markazi — Chernovsi shahri. Muhim shaharlari: Chernovsi, xotin, Storojines. Chernovsi viloyati Karpat tog’lari va shu tog’ etaklari hamda Volin Podoliya qirlarining tarmoqlarida joylashgan. Iqdimi mo”tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4,8° dan -10° gacha; iyulniki 12°-19°. Yillik yog’in 500-1000 millimetr. Vegetatsiya davri 206— 216 kun. Muhim daryolari: Dnestr, Prut, Siret. Tekislikda sur tusli o’rmon va podzollashgan qoratuproq, tog’larda va tog’ etaklarida podzollashgan qo’ng’ir tuproq va chimli qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Hududining 28% o’rmon va butazorlar (qoraqarag’ay, oqqarag’ay, dub, qora qayin). Tog’va tog’ etaklari tabiiy pichanzor va yaylov. O’rmonlarda bug’u, qobon, ayiq, silovsin, tulki, suvsar, tiyin, ondatra, malla tovushqon yashaydi. Zubr, Los, norka; qushlardan qirg’ovul iqlimlashtirilgan. Oziq-ovqat, yengil va mashinasozlik sanoatlari rivojlangan. Go’sht, yog’-moy kombinatlari, shakarqand, sabzavot quritish va konserva zavodlari bor. Mashinasozlik korxonalari, neft sanoati uchun apparaturalar, energetika asboblari, yengil sanoat uchun stanoklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O’rmon va yog’ochsozlik sanoati rivojlangan. Viloyat elektr energiyani Chernovsi issiqlik elektr markazidan oladi. Ip-gazlama, qo’lqop-trikotaj, paypoq ishlab chiqarish birlashmalari ishlab turibdi. Qishloq xo’jalik g’alla va texnika ekinlari yetishtirish, sut-go’sht uchun qoramol boqishga ixtisoslashgan. G’alla, texnika va yem-xashak ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik rivojlangan. Viloyat xo’jaliklarida qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. Temir yo’l uzunligi 466 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yo’llar uzunligi 2,7 ming kilometr. 2 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), 5 muzey, filarmoniya, 2 teatr bor. Chernovsi viloyati hududida 17-18-asrlarga oid tarixiy-me’moriy yodgorliklar (yog’och cherkovlar) saqlangan.