CHERVESLAR

CHERVESLAR — koktsidlar kenja turkumiga mansub tengqanotli hasharotlar. 250 ga yaqin turi uchraydi. Tanasining uzunligi 0,5—35 millimetr. Urg’ochisi qanotsiz. Erkaklarida bitta oldingi juft qanotlari bor, og’iz apparata rivojlanmagan. Urg’ochisining og’iz apparati so’ruvchi tipda. Tanasining usti mumsimon yoki unsimon gubor bilan qoplangan. Ko’pchilik turlari mavsumda 1-2, ayrimlari esa 3-4 avlod beradi. Jinsiy yo’l bilan yoki partenogenetik ko’payadi. Urg’ochisi 3000 tagacha tuxum qo’yadi, tirik tug’adiganlari ham bor. O’rta Osiyoda komstok chervesi, unsimon uzum chervesi, dumaloq cherves, akatsiya va boshqalar zarar keltiradi. Cherveslar qishloq xo’jalik va texnika ekinlari, manzarali hamda o’rmon o’simliklari zararkunandasidir. Ko’pchilik turlari ihota daraxtlari (tut)ni shikastlaydi. Zararlangan daraxtlar o’sishi yomonlashadi, barg, mevalari to’kiladi, novdalari qurib qoladi. Bo’yoqchilik sanoatida ayrim Cherveslar ajratgan moddalardan foydalaniladi. Kurash choralari: qirqilgan novdalarni bog’dan tashqariga olib chiqarib yoqib yuborish; daraxt kurtaklari rivojlanmasdan oldin unga mineralmoy emultsiyasi (bir tup daraxtga 10-15 l) purkash va boshqalar. Ekiladigan ko’chatlarni metil bromid preparati (50-60 g/m3) bilan fumigatsiya qilish.