CHIGIRTKA
CHIGIRTKA — chigirtkasimonlar katta oilasining gala bo’lib yashaydigan turlari umumiy nomi. Qishloq xo’jaligi ekinlarining (g’alla ekinlari, beda, g’o’za va boshqalar) zararkunandasi hisoblanadi. Janubiy Yevropa, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Afrika, Janubiy va shimoliy Amerika, Avstraliya mamlakatlarida uchraydi. Chigirtkalarning ekinlarga keltiradigan ofati haqida qadimgi Misr yozma manbalarida (bundan 4 ming yil avval) ma’lumotlar uchraydi. O’zbekistonda tarqalgan turlari ichida eng xavflilari — Osiyo chigirtkasi, voha chigirtkasi, Marokash chigirtkasi va cho’l chigirtkasi. Chigirtkalar, ayniqsa, uzoq masofalardan uchib kelib va to’satdan yopirilib ekinlarni nobud qilishi bilan xavflidir. Chigirtka lichinkalarining to’dasi oziq qidirib ma’lum yo’nalishda harakat qiladi va o’z yo’lida uchragan ko’katlarni yeb bitiradi. Hayoti mobaynida har bitta Chigirtka 300 grammgacha ko’kat yeydi. Zararkunanda ko’plab urchigan yillari ular soni har bir metr kvadrat maydonda bir necha yuzga va hatto bir necha mingga yetadi, egallagan maydon esa ba’zan 1 million gektarni tashkil etishi mumkin. Tuda bo’lib yashash instinkga Chigirtka tuxumdan chiqib harakat qila boshlagandan paydo bo’ladi. Ob-havoning qulay kelishi Chigirtkaning ko’plab urchishiga yordam beradi. Chigirtkalarning ekinlarga va o’simliklarga yetkazadigan zararini bartaraf etish maqsadlarida Hindiston, yaqin Sharq mamlakatlari, Afrikada BMT oziq-ovqat va qishloq xo’jalik bo’yicha tashkilotining Chigirtkalarga qarshi kurash tayanch punktlari ochilgan, Frantsiya va boshqa mamlakatlarda yirik ilmiy, ilmiy ishlab chiqarish markazlari tuzilgan. O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Respublika o’simliklarni himoya qilish va afokimyo Markazi huzurida Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog’istonda Chigirtkaga qarshi kurash ekspeditsiyalari ishlaydi (1983 yildan qayta tiklangan; Qoraqalpog’istonda esa bunday ekspeditsiya 1930 yildan beri mavjud). Kurash choralari: bo’z yerlar haydab, o’zlashtiriladi; o’tloq va pichanzorlar doim nazorat qilib turiladi; partov va bo’sh yotgan yerlar orasidagi uvatlar yo’qotiladi. Yosh (1-3) Chigirtkaga qarshi 50% li karbofos (2 kg/ga), li vafotoks (2 kg/ ga) va 20% li sumisidin (0,4—0,5 kg/ga) qo’llanadi. Sulton Alimuhamedov.