CHILI

CHILI (Chile) Chili Respublikasi (Republica de Chile) — Janubiy Amerikaning Janubi g’arbida joylashgan davlat. Maydoni 756,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 15,824 million kishi (2003). Poytaxti — Santyago shahri. Ma’muriy jihatdan 13 viloyat (region), jumladan, Santyago poytaxt viloyatiga bo’linadi. Davlat tuzumi. Chili — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1980 yilda qabul qilingan va 1981 yildan kuchga kirgan; 1989, 1994, 2004 yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (2000 yildan Rikardo Lagos Eskobar), u umumiy to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Senat va deputatlar palatasidan iborat Milliy Kongress, ijrochi hokimiyatni president amalga oshiradi; prezident xukumatga ham boshchilik qiladi. Tabiati. Chili shimoldan Janubga tinch okean sohili bo’ylab 4300 kilometrga cho’zilgan, hududining katta qismini and tog’lari (balandligi 6880 metrgacha), shimolni Atakama cho’li egallagan. Mamlakat Janubda Patogoniya tekisligi joylashgan. Chili hududi tarkibiga qirg’oqqa yaqin bir necha Orol, Olovli yer orolining garbiy qismi hamda Tinch okeandagi ba’zi orollar (Pasxa oroli va boshqalar) kiradi. Relefida 3 bo’ylama mintaqa yaqqol ko’rinadi: Sharqda Andning Bosh Kordilera tog’lari, g’arbda sohil bo’yi Kordilera tizmasi va tog’ oralig’i botig’ida bo’ylama vodiy bor. Chilida vulkan ko’p; tez-tez zilzilalar bo’lib turadi. Chili hududida mis, tabiiy selitra, molibden, sof oltingugurt, temir rudasi, marganes, qo’rg’oshin, oltin, kumush, toshko’mir, rux, barit, neft, gaz konlari bor. Iqlimi shimol qismida tropik cho’l iqlimi (yillik yog’in 50 millimetrdan kam). Subtropik O’rta Chilining shimolda iqlim quruq (yillik yog’in 100-200 millimetr), markazida o’rta dengiz iqlimi, qishda yomg’ir yog’adi (Santyago shahrida yiliga 350 millimetr), Janubda nam subtropik iqlim (yillik yog’in 2000-2500 millimetr). Janubiy Chilida iqlim mo’tadil okean iqlimi, yog’in ko’p yog’adi (yiliga 3000-7000 millimetr). Tog’larda muzliklar bor. O’rtacha oylik temperatura shimolda 12-16° dan (iyulda) 18— 22° gacha (yanvarda), markazida 8-20°, Janubda 8-15°. Deyarli hamma daryolari juda qisqa va tinch okean xavzasiga mansub. Shimoliy Chilida Loa daryosidan boshqa oqar suv yo’q. Janubda esa daryolar yil davomida sersuv. Shimoliy Chilida tuproq va o’simlik qoplami yaxshi rivojlanmagan. O’rta Chilining shimol chala cho’l, markazida sur jigarrang va jigarrang tuproqlarda kserofil butalar o’sadi. And tog’larining o’rta yon bag’irlari qoraqayin o’rmonlari bilan qoplangan, undan yuqorisi tog’ dashtlari. O’rta Chilining Janubdagi qo’ng’ir o’rmon va botqoqli tuproqlarda qalin o’rmonlar, And tog’larida qoraqayinigna bargli o’rmonlar va Alp o’tloqlari bor. Janubda subantarktika aralash o’rmonlari, chekka Janubda botqoqlashgan o’tloqlar va torfli yerlar uchraydi. hayvonot dunyosi xilma-xil. Chili shimolida aguarachay tulkisi, Puma, sudralib yuruvchilar, Janubda pudu va uemul bug’ulari, Amerika sassiqko’zani, suvsar, Magellan tulkisi va boshqalar yashaydi. Chilida Vilyarrika, Bernardoo’ Xiggins, Albertoagostini, Losparaguas, Peresrosales va boshqa milliy bog’lar hamda qo’riqxonalar tashkil etilgan (jumladan, Pasxa va Xuanfernandes orollarida). Aholisining 90% chililar. Mamlakatning tub aholisi araukan, kechua va aymara indeyslaridir. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Shahar aholisi 86%. Yirik shaharlari — Santyago, Valparaiso, Vinyadel Mar. Tarixi. Chili hududida qadimdan indeys qabilalari yashagan. 15-asrda mamlakatning shimol qismini inklar egallab oldi. 16-asrning 30-yillarida Chiliga ispan konkistadorlari bostirib kirdi. 16-asrning o’rtalarida Chili hududi Ispaniyaning Peru vitseqirolligi tarkibiga kirgan. 1810 yil iyulda ispanlar zulmiga qarshi xalq qo’zg’oloni boshlandi. 18 sentabrda milliy hukumat xuntasi tashkil topdi. Amerika qit’asidagi Ispaniya mustamlakalarining mustaqillik uchun olib borgan urushi yillarida (1810-26) Chili mustaqilligi e’lon qilindi (1818 yil 12 Fevral). 1823 yil qulchilik bekor qilindi. 19-asr o’rtalaridan Chiliga chet el sarmoyalari kirib kela boshladi. 1865-66 yillarda Chili Peru, Boliviya va Ekvador bilan birgalikda Ispaniyaga, 1879-84 yillarda Buyuk Britaniya yordamida Peru va Boliviyaga karshi urush olib bordi. Natijada bu davlatlarning selitra zaxiralariga boy hududlari Chiliga o’tdi. Bu mamlakatda konchilik sanoatining rivojlanishiga imkon yaratdi. ljahon urushi yillari (1914-18) Chili betaraflik e’lon qildi. 1927 yilgi davlat to’ntarishi natijasida mamlakatda harbiy diktatura o’rnatildi, siyosiy partiyalar, ishchi va kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati taqiqlandi. 1936 yil Chilida Kommunistik, radikal va sotsialistik partiyalar ishtirokida Xalq fronti tuzildi va uning nomzodi P. Agirre Serda 1938 yildagi prezident saylovida g’alaba qozondi. Hukumat bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirdi. 1941 yil o’ng sotsialistlarning sotqinligi tufayli Xalq fronti tarqalib ketdi. 2-jahon urushi yillari (1939-45) Chili Germaniya (1945 yil Fevral) va Yaponiya (1945 yil aprel) ga qarshi urush e’lon qilgan bo’lsa ham amalda urushda qatnashmadi. 1947-58 yillar hokimiyatni diktatorlik rejimi boshkardi. 1956 yil Chili KP (1922 yil tuzilgan) va sotsialistik partiyasi (1933 yil asos solingan) Xalq harakati frontini, 1969 yil Kommunistik, sotsialistik va boshqa so’l partiyalar Xalq birligi blokini tashkil etdilar. Xalq birligi bloki nomzodi S. Alende Gossens saylovlarda g’alaba qozonib, mamlakat Prezidentligiga saylandi. 1973 yildagi harbiy to’ntarish paytida Alende o’ldirildi va hokimiyat tepasiga A.Pinochet boshchiligidagi harbiy xunta keldi. U 15 yildan ortiq vaqt davlatni boshqardi. Bu davrda ommaviy repressiyalar avj oldirildi; shu bilan birga mamlakat iktisodiyoti Janubiy Amerikadagi davlatlar o’rtasida oldingi o’rinlardan birini egalladi. Bu Chiliga xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo’lish imkoniyatini yaratdi. 1989 yilgi demokratik saylovlar natijasida A.Pinochet hokimiyatdan ketdi va 1990 yildan mamlakatni demokratik yo’l bilan boshqarish shakli o’rnatildi. Chili 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 18 martda tan olgan va 1994 yil 16 sentabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 18 sentabr — Mustaqillik kuni (1810). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Chili Kommunistik partiyasi, 1922 yil tuzilgan; demokratiya uchun kurash partiyasi, 1988 yil tashkil etilgan; Milliy yangilanish partiyasi, 1987 yil tuzilgan; Chili radikal sotsial-demokratik partiyasi; Chili sotsialistik partiyasi, 1933 yil tashkil etilgan; Xristian-demokratik partiya, 1957 yil tuzilgan; Chili Birlashgan sotsialistik partiyasi. Chili mehnatkashlari Birlashgan kasaba uyushma markazi, 1988 yil Chili mehnatkashlari yagona kasaba uyushmasi markazi (1953) negizida tashkil etilgan. Xo’jaligi. Chili Lotin Amerikasidagi iqtisodiy jihatdan nisbatan rivojlangan mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik va baliq ovlash ulushi 6,4%, sanoatniki 38,8%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 54,8% ni tashkil etadi. Sanoati. Chili mis qazib olish bo’yicha dunyoda oldingi o’rinlarda turadi (yiliga o’rtacha 2488 ming tonna). Shuningdek, tabiiy selitra, molibden, neft, temir rudasi, oltin, kumush, tabiiy gaz, toshko’mir qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 25,2 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Sanoatning oziq-ovqat va yengil sanoat tarmog’i rivojlangan. Mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, tsellyulozaqog’oz sanoati rivojlanmoqda. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i dehqonchilik. Bug’doy, arpa, makkajo’xori, kartoshka, dukkakli don ekinlari ekiladi. Bogdorchilik (olma, tsitrus mevalar, shaftoli) va tokchilik rivojlangan. Qand lavlagi, zigir, tamaki, zaytun yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qo’y, echki, cho’chqa, yilqi boqiladi. Yirik shaharlar atrofida sut chorvachiligi rivojlangan. Dengizdan baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. O’rmonda yog’och tayyorlanadi. Transporti. Mamlakat ichkarisida yuk tashishda avtomobil transporti yetakchi o’rinda. Avtomobil yo’llari uzunligi 79,8 ming kilometr. Temir yo’l uzunligi 6,6 ming kilometr. Tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi dengiz transportiga to’g’ri keladi. Muhim dengiz portlari: Uasko, Valparaiso, Tokopilya. Santyago shahrida xalqaro aeroport bor. Chili chetga mis, baliq va dengiz mahsulotlari, qishloq xo’jalik mahsulotlari, selitra, qog’oz, yod chiqaradi; chetdan neft, kimyo buyumlari, elektron va mashina jihozlari oladi. Tashqi savdoda AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Argentina, Braziliya, Yaponiya, Meksika bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Chili pesosi. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Chilida vrachlar universitetlarning tibbiyot fakultetlarida tayyorlanadi. Mamlakatda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun 8 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. Asosiy deb nomlangan boshlang’ich maktabda o’qish 8 yil, o’rta maktabda 4 yil. Asosiy maktab negizida 4 yillik hunar-texnika maktablari va pedagogika bilim yurtlari ishlaydi. Mamlakatda 8 universitet bor. Yiriklari: Chili universiteti (1843), texnika davlat universiteti (1947), katolik universitet (1888); hammasi Santyago shahrida. Shuningdek, 3 oliy kollej, konservatoriya va amaliy san’at maktabi mavjud. Ilmiy muassasalar, asosan, Santyago shahrida joylashgan. Ilmiy tadqiqotlar Chili bakteriologiya instituti (1929), meteorologiya xizmati (1894), harbiy geografiya instituti (1922), geografiya, geodeziya va geofizika milliy qo’mitasi (1955), gidrografiya instituti (1874, Valparaiso), geologiya instituti (1957), Antarktida instituti (1963), yadro energiyasini o’rganish milliy markazi, okeanografiya instituti (1945, Valparaiso), Lebu ilmiy instituti (1945, araukanlar tarixini o’rganadi), Chili akademiyasi (1855), Chili Tabiiy fanlar akademiyasi (1926), Chili tarix akademiyasi (1940), Chili Fanlar Akademiyasi (1964) da olib boriladi. Yirik kutubxonalari: Chili milliy kutubxonasi (1813), Chili universitetining Markaziy kutubxonasi; ikkovi ham Santyago shahrida. Muzeylari — Milliy tarix muzeyi, nafis san’at milliy muzeyi, Pedagogika muzeyi, hozirgi zamon san’ati muzeyi, Amerika xalqi san’ati muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Chilida bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiylari: “Analisis” (“Tahlil”, haftalik jurnali, 1977 yildan), “Merkurio” (“Merkuriy”, kundalik gazeta, 1827 yildan), “Nason” (“Millat”, kundalik gazeta, 1917 yildan), “Oy” (“Bugun”, haftalik jurnal, 1977 yildan), “Segunda” (“Sekunda”, kundalik kechki gazeta, 1931 yildan), “Tersera” (“Chorak”, kundalik gazeta, 1950 yildan), “Ultimas Notisias” (“So’nggi axborot”, kundalik gazeta, 1902 yildan). Orbe servisnoe Informatios (sa) hukumat axborot agentligi 1953 yil Fevralda tuzilgan. Chili yangiliklar agentligi, 1993 yil asos solingan. Chili radiostansiya assotsiatsiyasi 1936 yilda tashkil etilgan; 455 radiostansiyani birlashtiradi. Chili — 7 kanal milliy televideniyesi hukumat Mahkamasi bo’lib, 145 stansiyani birlashtiradi. Bir qancha tijorat radio va televidenie stansiyalari bor. Adabiyoti Chilini Ispaniya bosib olgandan beri ispan tilida rivojlanmoqda. Ispaniyalik A. de Ersilyaisuniga (1533-94) ning “Araukana” dostoni (1-3 qismlar, 1569-89) 16-asrda yaratilgan eng yirik asar hisoblanadi (unda araukanlarning ispan mustamlakachilarga qarshi kurashi aks ettirilgan). Bu davrda kreollar folklori ispan xalq she’riyati asosida rivojlandi. Amerikadagi Ispaniya mustamlakalarining mustaqillik uchun kurashi davri (1810— 26) da publitsistika asosiy janr bo’lib qoldi. Birinchi Chili gazetasi — “Aurora de Chile” (“Chilining tonggi shafag’i”) ning asoschisi K.Enrikes bu janrda ijod qilgan ijodkorlarning yorqin vakilidir. Milliy dramaturgiya asosini M.Magalyanes yaratdi. 1818 yil Chili mustaqillikka erishgach, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi ko’p adiblar Chilida yashab ijod qildilar. Venesuela yozuvchisi, olim va davlat arbobi A.Belo, argentinalik yozuvchi, jamoat arbobi va ma’rifatparvar D.M.Sarmyanto va boshqalar ijodi Chili madaniyati rivojida muhim rol o’ynaydi. Chili jamoat arbobi, olim va adib X.Vlastarrin (1817-88) Chili adabiyot jamg’armasini tashkil etib (1842), milliy adabiyotni yaratish vazifasini qo’ydi. 19-asr 1-yarmida she’riyat romantizm ruhida rivojlandi (S.Sanfuentos, E.Lilo va boshqalar). Nasrda kostumbrizm yetakchi yo’nalish bo’lib qoldi. 19-asr o’rtalarida tanqidiy realizm maydonga keldi. A.Bleet Gana (1830-1920) uning yirik vakilidir. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida P.A.Gonsales Bastias, M.Xara va boshqalar she’riyatda yangi badiiy shakllarni izlay boshladilar. Bunga ma’lum darajada nikaragualik shoir R. Dario ijodi ta’sir ko’rsatdi. 1920-yillarda T.Mistral, V. Uydobro kabi shoirlar samarali ijod qildilar. 30-yillarda shoir P. Neruda ijodi chuqur evolyutsiyani boshidan kechirdi. Shu davrda ijod qilgan F. Gana, F.Santivan, L.Duran va boshqalar o’z asarlarida dehqonlar hayotini aks ettirdilar. Dehqonlarning sinfiy kurashi R.Lomboy, M.Gerrero romanlarida, ishchilar hayoti, ularning farovon kelajak uchun kurashi N. Gusman, A.Sabeli, D.Munos, G.Senteno, V.Teytelboym romanlarida o’z ifodasini topdi. F. Koloan, M.Roxas, G.Atias nasriy asarlari ijtimoiy muammolarga bag’ishlandi. 1960-70 yillarda siyosiy qo’shiqlar janri keng tarqaldi. V. Xara bu janrda ijod qilgan ijodkorlarning yorqin vakilidir. Mamlakatda harbiy xunta hokimiyat tepasiga kelgach (1973), ko’p adib va shoirlar ta’qib ostiga olindi. Mamlakatni tashlab ketishga majbur bo’lgan adiblar o’z asarlarida Chili fojiasini aks ettirdilar (A.Skarmet, V.Teytelboym romanlari va boshqalar). Me’morligi. Chili hududida yashagan indeyslarning qad. san’atidan qal’alar, baland tosh devor bilan o’ralgan 1-2 qavatli uylardan iborat qishloq xarobalari saqlangan. 16-asrdan Fort, shahar va cherkovlar, ichki hovlisi bo’lgan 1 qavatli uylar qurildi. 18-19-asrlarda barokko va klassisizm uslubida shaxar binolari, cherkov va saroylar barpo etildi (me’morlar X. Toeskairichi, M. de Xara kemada). 19-asr Chili me’morligida eklektizm, 20-asr boshlarida modern uslubi qaror topdi. 20-asrning o’rtalarida shaharlar qayta qurildi, zamonaviy me’moriy inshootlar, jumladan, “Gonsales Kortes” (1960-63, me’mor S.Gonsales va boshqalar), “Portales” (1961-63, me’mor K.Breshani va boshqalar) turar joy majmualari, Santyagoda texnologiya instituti (1962-65, me’mor K.Breshani va boshqalar) bunyod etildi. Tasviriy san’ati. Indeyslarning qadimgi madaniyati Peru madaniyati bilan bog’liq. Turli shakllarda yasalgan va raem solingan sopol idishlar, metal taqinchoqlar, odam va ov manzaralarining qoyatoshlarga ishlangan tasviri saqlangan. Bu an’analar to’quvchilik, kulolchilik, yog’och o’ymakorligida o’z aksini topgan. 18-19-asrlarda manzara rassomligi va haykaltaroshligi, gravyura rivojlandi (A.Santelises). 19-asr o’rtalarida portretchilar F.X.Mandola, A.Gana, 19-asr 2-yarmida rassomlar P.Lira va M.A.Kiro ijod qildilar. Rassomlar A.Valunsuela Lyanos, E.Plasa, haykaltaroshlar N.Plasa, V.Arias 19 va 20-asrning realist ustalari bo’lgan. 20-asrda Chilida turli modernistik oqimlar (kubizm, syurrealizm, abstraktsionizm) keng tarqaldi. K.Ermosilya Alvares, G. Nunes, P.Lbos, X.Eskames kabi rassomlar, L.Dominges, S. Roman Roxas kabi haykaltaroshlar realistik an’analarda ijod qildilar. Musiqasi. Chilining qadimgi musiqa madaniyatini tub joy aholisi avlodlari, avvalo, araukanlar saqlab kelmoqdalar. Ularning asosiy musiqa asboblari: zarbli — baraban (kultrun), shakildoq (uada); puflama — trutruka, lolkin, pifyulka. Kreollar xalq musiqasi Argentina xalq musiqasiga yaqin. Qo’shiqraqs janrlari — kueka, kuando, qo’shiq janri — tonada (yakka ijro etiladigan lirik qo’shiq). Musiqa cholg’u asboblari — gitara, Arfa, gi, tarron. 19-asr Santyagoda filarmoniya jamiyati tuzildi (1827), musiqa maktabi ochildi (1849; 1851 yildan konservatoriya). Kompozitorlardan M.Robles Ortis de Sarate (19-asr), K.Lavin, P.U. Alende Saron, X.Urrutia Blondel, E.Soro, D.SantaKrus Vilson (20-asr), dirijyorlar A.Karvaxal, V.Teva, pianinochilar K.Arrou, X.Reyes, skripkachi P. D’ Andurayn mashhur. Santyagoda Chili simfonik orkestri (1941 yil tashkil etilgan), munisipal simfonik orkestri (1955), torli kvartet (1954), Chili milliy baleti (1957), shuningdek, Milliy konservatoriya ishlaydi. Teatri. Professional teatr sarchashmalari Chili hududida yashagan indeyslarning xalq marosimlaridan boshlanadi. 17-18-asrlarda Santyago va Konsepson shaharlaridagi to’y marosimlarida spektakllar qo’yilgan. 1709 yil Santyagoda birinchi teatr binosi qurildi. Bu teatrda, asosan, ispan dramaturglari — L one de Vega, A.Moreto, X. Ruis, L.Sagredo pesalari sahnalashtirildi. 1791 yil Valparaiso shahrida teatr barpo etildi. 1815 yil Santyagoda “Kolisso” teatri ochildi. Chili mustaqillikka erishgach, 1818 yil Santyagoda “Romada” teatri ishlay boshladi va unda milliy dramaturg M.Magalyanes asarlari qo’yildi. 1842 yil Chili universiteti huzurida teatr (1857 yildan munisipal teatr), 1848 yil “Respublika teatri” tashkil etildi. 19-asr Chili teatri taraqqiyotida argentinalik dramaturglar — K.Belo, R. Minnelelar muhim rol o’ynaydi. 20-asrning 1-yarmida mamlakatning ko’p shaharlarida havaskorlik jamoalari paydo bo’ldi. 1939 yil Santyagoda kichik universitet teatri, 1941 yil Chili universitetining tajriba teatri (hozirgi Chili universiteti huzuridagi teatr instituti) tuzildi. 1946 yil Santyagoda sahna san’ati xalq maktabi ochildi. 50-yillarda R.Frontaur, V.Vargas, A.Flores rahbarligida teatr guruhlari yuzaga keldi. Shuningdek, “Teatro munisipal”, “Atele”, “Teatro mimiko” teatrlari ishlaydi. 20-asrning 50-60-yillarida teatr repertuarlaridan X. Dias, I.Agirre, E.Bunster, D. Barros GRES va boshqa dramaturglarning pyesalari, jahon klassik yozuvchilarining asarlari o’rin oldi. Mamlakatda harbiy xunta hokimiyat tepasiga kelgach (1973), ko’p teatr arboblari qamoqxonalarda halok bo’ldilar, xorijga ketishga majbur bo’ldilar va o’sha yerda teatr jamoalarini tuzdilar. Jumladan, 1976 yil Frantsiyada “Alef” teatri, 1980 yil Shvesiyada Sandino nomidagi Lotin Amerikasi teatri (chililik teatr arbobi I.Kontilyano rahbarligida) paydo bo’ldi. Kinosi. Chilida birinchi hujjatli xronikal film 1907 yil yaratildi. 20- asr boshlarida Santyago va Valparaiso shaharlarida “Jambastianifilm”, “Chilefilm” va boshqa kinofirmalar ishlay boshladi. 1934 yil birinchi ovozli film (“Shimol va janub”, rejissyor X.Delano) yaratildi. 30-yillarning 2-yarmida, asosan, qisqa metrajli, xronikal va hujjatli filmlar ekranga chiqdi. 40-yillarda tijorat filmlari bilan birga rejissyor Xdelanoning “Krilonlik qiz” (1941), “Gollivud” (1944) filmlari namoyish etildi. 1957 yil Santyago universiteti huzurida kino instituti ochildi. 60-yillarning eng yaxshi filmlari: “Qonli selitra” (1969, rejissyor E.Soto), “Biz yashaydigan uy” (1970, rejissyor P.Kaulen) va boshqalar. 1970-yillar boshida Lotin Amerikasi kinosi oltin fondiga kirgan “O’rtoq Prezident” (1970, rejissyor M.Littin), “Ovoz va miltiq” (1971, rejissyor E.Soto), “Guvohlar” (1971, rejissyor K.Elsesser) va boshqa filmlar yaratildi. Hokimiyat harbiy xunta qo’liga o’tgach, ilg’or kino arboblar ta’qibga uchradi. 70 yillarning oxirida Chilining taraqqiyparvar rejissyorlari chet elda bir qancha filmlar yaratdilar [“Buni unutib bo’lmaydi” (1975, rejissyorlar M.Malet, X.Faxardo, R.Gonsales), “Marusiya konidagi voqea” (1976, rejissyor M.Littin) va boshqalar].