CHILIM

CHILIM — tamaki solib chekiladigan asbob. Qadimdan O’rta Osiyoda, shuningdek, Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy, Afg’onistonda keng tarqalgan. Asosan, qovoqning alohida navidan, ba’zan, metall (mis, bronza, kumush va boshqalar) dan tayyorlanadi. Uning tashki tomoni turli handasiy shakllar va naqshlar bilan bezaladi. Ichiga suv solinadigan idish, unga ulangan nay (qamish yoki yog’ochdan), tik o’rnatilgan naycha qo’yiladigan sarxona va o’txonadan iborat shaklga ega. Chilim chekish kishi sog’lig’i uchun o’ta zararli.