CHILLASHIR
CHILLASHIR (chilla va fors-tojikcha — sut) — odamda to’xtovsiz ich ketishi, glossit, anemiya, ozib ketish bilan kechadigan kasallik. Asosan, subtropik va tropik iqlimli joylarda uchraydi. Chillashir hammada, ko’proq tuqqan ayollarda chilla davrida kuzatiladi (nomi shundan). Oqsilli moddalar kam, uglevodli ovqatlar ko’p iste’mol kilinishi, issiq iqlim sharoiti va boshqalar natijasida ichakda turli zamburug’larning ko’payib, bijg’ish jarayonining kuchayishi hamda vitaminlar tanqisligi Chillashirga sabab bo’lishi mumkin. Kasallik sekin-asta boshlanadi (homiladorlik vaqtida boshlanishi ham kuzatiladi). Dastlab, bemorning qorni dam bo’lib, og’riydi, quldiraydi, ko’p yel chiqadi, gavda temperaturasi normal yoki baland, yoxud past bo’ladi. To’xtovsiz (sutkasiga 8 10 marta) ich ketadi (najas ko’piksimon, oq rangda bo’ladi). Til qizaradi, milk, tanglay, og’iz bo’shlig’i shilliq qavati va yutqin yallig’lanib, ularda yaralar paydo bo’ladi. Ko’p ich ketishi ichakda so’rilish jarayonini susaytiradi, ichki sekretsiya bezlari va nerv sistemasi faoliyati o’zgaradi, qon ishlab chiqarilishi buzilib, kamqonlik yuzaga keladi, bemor ozadi, darmoni quriydi. Davo kasallik belgilariga qarab tayinlanadi.