CHILONZOR OQTEPASI

CHILONZOR OQTEPASI – Toshkentning Janubiy g’arbiy qismida joylashgan arxeologik yodgorlik (4-8-asrlar; 10—11-asrlar). Bo’zsuv anhori bo’yida. 1940 yil A.I. Terenojkin qayd etgan; 1960 yil A.S.Shiller va Yu.F.Buryakov, 1969-71 yilda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tekshirgan. Chilonzor Oqtepasi balandligi 15 metrli tepalik bo’lib, atrofida umumiy maydoni 60×75 metr kvadrat keladigan qadimgi qishloq xarobasi qoldiqlari joylashgan. Tepalikda olib borilgan qazishmalar natijasida undagi imoratlar majmuasi ustmaust xom g’isht va paxsadan qurilganligi aniqlangan. Vazifasiga ko’ra, majusiylik bilan bog’liq bo’lgan, kompozitsiyasi jihatdan birbiridan farq qiladigan binolar 3 davrga mansubligi aniqlangan. 1-davrda (4-asr) bino paxsa poydevorni ustiga qurilgan 4 minorali qasrdan iborat bo’lgan. Bino kvadrati (13,5 x 13 metr kvadrat) ichki tomondan gumbazli uzunchoq 3 xonaga ajratilgan. 2-davrda (5-6-asrlar) dastlabki imorat atrofiga yangi xonalar va yordamchi xo’jalik xonalari qurilgan, shinakli qo’shimcha qal’a devori bilan mustahkamlangan. 3-davr (7-8-asrlar) da dastlabki imorat qoldiqlari tuproq bilan to’lg’azilib shibbalanishi natijasida vujudga kelgan, 9 metrli tagkursi ustiga qurilgan tepasi ochiq to’rtburchak (38×27 metr kvadrat) hovli ko’rinishidagi noyob bino bo’lgan. Qazishmalar natijasida hovli sahnining qalin qatlamlaridan organik qoldiqlar, Qovunchi II madaniyatiga xos spool buyumlar, yorg’uchoqlar va boshqalar, shuningdek, turkashlarning 8-asrga oid tangasi ham topilgan. Arab xalifaligi istilosidan so’ng bino bir qancha vaqt zardushtiylarning dafn etish joyi bo’lib xizmat qilgan, so’ngra xarobaga aylangan. Keyinchalik (10— 11-asrlar) xaroba atrofida hayot tiklanib kichik qishloq vujudga kelgan. Hozir Chilonzor Oqtepasi atrofida zamonaviy imoratlar qad ko’targan.