CHIMBOY TUMANI
CHIMBOY TUMANI – Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1927 yil 3 iyulda tashkil etilgan. Shimoli g’arbdan Mo’ynoq, g’arbdan Bo’zatov va Janubdan Kegeyli, Sharq va shimoli sharqdan Qorao’zak, tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3 ming kilometr. Aholisi 92,8 ming kishi (2004). Tumanda 8 ovul fuqarolari yig’ini (baxtli, Kenes, may, Mayjap, Tagjap, Tozajo’l, Qizilo’zek, Qo’sterek) bor. Markazi — Chimboy shahri. Tabiati. Tuman hududi Amudaryo quyi oqimining o’ng sohilidagi tekislikda, Kegeyli kanali sohilida joylashgan. Balandligi 60-70 metr. G’arbiy va shimoliy qismlari botqoqlashgan to’qaylardan iborat. Shimoli g’arbidagi qum tepalari uncha baland bo’lmagan (250 metr) qo’shxona tog’lariga tutashadi. Iqlimi keskin kontinental. Yer osti suvlari yaqin. Yozi issiq, quruq. Qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 11°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6,9°. Eng past temperatura -32°. Amudaryo sohilida ko’lmak ko’p. Tuman hududida Qozoqdaryo va uning irmog’i Erkindaryo oqadi. Ulardan Tasjarma, Qizilo’zak, Qo’shqarjiqqan kanallari chiqarilgan. 1939-40 yillarda qurilgan Mayjap va Obodjap kanallaridan ham ekinlarni sug’orishda foydalaniladi. Tuman hududi orqali Kegeyli kanali o’tadi (tuman hududidagi uzunligi 70 kilometr). Qizketgan, O’rjap va boshqa kanallar, Qorako’l, Maqpalko’l, Shardaryo, Tobonko’l kabi ko’llar bor. Ulardan ham ekinlarni sug’orishda foydalaniladi. Tuproqlari, asosan, och bo’z, qo’ng’ir, o’tloqi, botqoqo’tloqi tuproq; ba’zi joylarda sho’r tuproklar va takirlar ham bor. Tabiiy o’simliklardan qamish, qo’g’a, yulg’un va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, bo’rsiq, tulki, qobon, chiyabo’ri, bo’ri, tipratikan, ko’rsichqon, har xil ilonlar, kaltakesaklar; qushlardan o’rdak, g’oz, birqozon, qo’ton, qiziloyoq, yilqichi, qirg’ovul, to’rg’ay, kaptar, qirg’iy, musicha va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, qoraqalpoqlar; o’zbek, rus, qozoq, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 31 kishi. Shahar aholisi 46,2 ming kishi, qishloq aholisi 46,6 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligida qishloq xo’jaligi asosiy o’rinni egallaydi. Paxtachilik va sholikorlik, chorvachilik va polizchilik yaxshi rivojlangan. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tumanda maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, paxta tozalash, yog’moy, g’isht, qurilish materiallari, keramika, asfaltbeton zavodlari va boshqalar bor. Chimboy tumanida 9 shirkat, 570 dan ziyod fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlarga paxta, sholi, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. Chimboy tumanida Pedagogika kasb-hunar kolleji, umumiy ta’lim maktablari, Qoraqalpog’iston qishloq xo’jaligi ilmiy tadqiqot instituti, naslchilik stansiyasi faoliyat ko’rsatadi. 6 kutubxona, bolalar madaniyat saroyi, 4 madaniyat uyi, 5 kasalxona, poliklinika, tug’ruqxona, 11 qishloq vrachlik punkti aholiga xizmat ko’rsatadi.