CHIMKENT

CHIMKENT (qozoqcha Shimkent)— Qozog’iston Respublikasi Janubiy Qozog’iston viloyatidagn shahar, viloyat markazi (1932-62 yillarda Janubiy Qozog’iston viloyati, 1962-64 yillarda Jan. Qozog’iston o’lkasi, 1964-92 yillarda Chimkent viloyati markazi). Tog’oldi tekisliklarida, bodom va Sayram (Sirdaryo havzasi) daryolari oralig’ida. Jambul, Aris, Langar temir yo’l yo’nalishlarining chorrahasi. Aholisi 354,4 ming kishi (2002). Chimkent 11-asrda Xitoydan O’rta Osiyo va G’arbiy Osiyoga o’tgan savdo yo’li (“Ipak yo’li”) ustida vujudga kelgan. 19-asr boshidan Qo’qon xonligi tasarrufida bo’lgan, 1864 yil Rossiya bosib olgan va Rossiyaning O’rta Osiyodagi ma’muriy va harbiy tayanch punktiga aylantirilgan. Shaharning sust rivojlanishiga temir yo’ldan uzoqligi ham ta’sir etgan. Faqat 1915 yil Aris — Chimkent liniyasi shahrini Orenburg — Toshkent magistrali bilan bog’ladi. 1924 yilgacha Chimkent Turkiston Respublikasi tarkibida. O’rta Osiyoda milliy chegaralanish o’tkazilgandan keyin Sirdaryo gubernyasining ma’muriy markazi, so’ng okrug markazi bo’lib Qozog’iston Muxtor SSR tarkibiga kirdi. Shahar sanoati mahalliy qishloq xo’jaligi xom ashyolari va foydali qazilmalarni qayta ishlash negizida rivojlanmoqda. Yirik korxonalari Qoratov va Jung’ariya Olatovidagi konlar asosida ishlaydigan qo’rg’oshin zavodi, temirchilikpress uskunalari ishlab chiqaradigan, “fosfor” (mineral o’g’itlar va boshqalar ishlab chiqariladi), “Chimkentshina” ishlab chiqarish birlashmalari, “Elektroapparat”, neftni qayta ishlash, kimyofarmasevtika, tsement, g’isht zavodlari va boshqalaar ishlab turibdi. Yengil (paxta tozalash, Qorako’l zavodlari), oziq-ovqat (go’sht kombinati, yog’ekstraktsiya, sutkonserva, mevakonserva, pivo zavodlari) sanoati korxonalari faoliyat ko’rsatadi. 3 oliy o’quv yurti, 3 teatr, o’lkashunoslik muzeyi bor.