“CHIMYON OROMGOHI”
“CHIMYON OROMGOHI” – salomatlik markazi. “Chimyon oromgohi”da turist, sportchi va dam oluvchilarning dekabr—aprek oylarida qishki sport turlari bilan shug’ullanishlari, qish ziynatidan bahramand bo’lib salomatligini tiklashlari uchun sharoit yaratilgan. Yoz mavsumida esa, turli yo’nalishlarda tog’ bo’ylab ekskursiyalar ham uyushtiriladi. “Chimyon oromgohi” Toshkentdan 80 kilometr shimoli sharqda, Chatqol tog’ tizmasining dengiz sathidan 1600 metr baland qismida joylashgan. 20-asrning 70-yillarida bu maskanda qurilish va tekislash ishlari boshlangan. 1983 yilda mehmonxona, restoran, kanat (osma) yo’l va boshqa xizmat ko’rsatish joylari bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan. “Chimyon oromgohi”da chang’i va chanada uchish uchun uzunligi 300, 500, 800 va 1500 metr, qiyaligi 25°— 40° bo’lgan trassalar bor. Chatqol tog’ tizmasida qorning sirpanchiqlik darajasi yaxshi bo’lgani uchun 2000 yilda “Chimyon oromgohi” yaqinida Beldorsoy havzasida “Beldorsoy” tog’chang’i sporti markazi qurildi. Uning chang’i uchish trassasi jahon standartlariga mos bo’lgani uchun xalqaro chang’i sporti federatsiyasi (FIS) tomonidan ro’yxatga olingan. “Chimyon oromgohi” atrofidagi ajoyib qishki tog’manzarasi bu maskanga keluvchilarga zavq bag’ishlaydi. Hozirgi vaqtda “Chimyon oromgohi”da 220 o’rinli mehmonxona, kottejlar, 100 kishiga mo’ljallangan restoran, uzunligi 700 va 2500 metr bo’lgan 2 ta kanat (osma) yo’l bor (2004).