CHINGIZXON YASOSI
CHINGIZXON YASOSI, Buyuk yasoq, Buyuk yasa (mo’g’ulcha “jasoq” — qonun, qaror, jazolash so’zining turkiy “yasoq” shakli) — Chingizxon tomonidan mo’g’ul qabilalarining O’non daryosining boshlanish joyida chaqirilgan qurultoyi (1206) da qabul qilingan qonunlar majmui, o’rta asrlar mo’g’ul hukuqi to’g’risidagi asosiy yozma yodgorlik. Chingizxon amriga binoan yozilib, “oltun daftar” (chingiziy xonlarning rasmiy tarixi) bilan birga xon xazinasida saqlangan. Mo’g’ullar davlatining tashkil topishi bilan Chingizxon yasosini takomillashtirish, yangi qonunlar bilan to’ldirish zarurati tug’ilgan. 1218 yilda unga muhim tuzatishlar kiritilgan. Chingizxon yasosining so’nggi tahriri 1225 yildagi qurultoyda qabul qilingan. Dastavval Chingizxon yasosi, asosan, davlat tomonidan amalga oshiriladigan turfa tadbirlar, muayyan gunohlar uchun beriladigan jazo choralarini o’zida mujassam qilgan. Chingizxon yasosi to’la shaklda saqlanib qolmagan, uning ayrim parchalari bizgacha yetib kelgan. Juvayniy (13-asr) ning yozishicha, Chingizxon yasosi uyg’ur yozuvida tumor shaklida bitilgan bo’lib, u “Yasa nomayi buzurg” (“Yasa buyuk kitobi”) deb nomlangan. Chingizxon yasosining parchalari musulmon tarixchilari Juvayniy, Rashiduddin, Ibn Battuta, Taqyaddin Makriziy; yevropalik sayyohlar Plano Karpini, Billem Rubruk, Marko Polo (13-14-asrlar) asarlarida saqlanib qolgan. 1240 yilga oid — “Mo’tullarning maxfiy tarixi” va Xitoy manbalarida ham yasoq haqida ba’zi ma’lumotlar mavjud. Ad.: Utemishxodji, Chingizname, Alma Ata, 1992; Sultonov T. I., Podnyatie na beloy koshme. Potomki Chingizxana, Almati, 2001.