CHINOR
CHINOR (Platanus) — Chinordoshlar oilasiga mansub barg to’kuvchi o’simliklar turkumi; 10 turi ma’lum. Shimoliy Amerika (Kanadadan Meksikagacha), Janubiy Sharqiy Yevropa va O’rta dengizbo’yi mamlakatlaridan Hindi-xitoygacha bo’lgan hududda tarqalgan. Kavkaz, Qrim, O’rta Osiyoda Sharq chinori (P. orientalis), Janubiy Ukraina, qora dengiz sohillari, shuningdek, O’rta Osiyoda Shimoliy Amerikadan keltirilgan G’arb chinori (P. occudentalis) turlari o’stiriladi. Sharq Chinori yovvoyi holda o’sadi. Shox-shabbasi qalin, bo’yi baland (50 metrgacha), tanasi baquvvat (aylanasi 18 metrgacha), tsilindrsimon, po’stlog’i sarg’ishoq. O’zbekistonda manzarali Chinorning har ikki turi o’sadi. Novdalari va barglari yoshligida tukli, keyinchalik tuklari to’kilib ketadi. Barglari yirik, asosan, 3 (ba’zan 7) bo’lmali. Mevasi dumaloq, dag’al tukli yong’oqcha, diametri 1,5 santimetr, meva bandida 2-5 tadan o’rnashgan, uzoq vaqt to’kilmaydi. Aprelda gullab, mevasi may—sentabrda etiladi. Chinor, ayniqsa, yoshligida tez o’sadi. Qulay sharoitda 2000 yil va undan ham ko’proq yashaydi. Egey dengizidagi Krit orolida tanasi aylanasi 18 metr bo’lgan 2300 yillik Chinorlar bor. Surxondaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida 600-800 yoshli Chinorlar uchraydi. Chinor urug’ini ekib, qalamchasidan va ildiz bachkilaridan ko’paytiriladi. Chinorning yog’ochi yengil, pishiq, mebel sanoatida qadrlanadi. Uning yog’ochidan o’zbek me’morligida qadimdan foydalanib kelingan.