CHIQARISH SISTEMASI
CHIQARISH SISTEMASI, ayirish sistemasi, ekskretor sistema — tirik organizmlarda ortiqcha suv, moddalar almashinuvining oxirgi mahsulotlari, tuz, shuningdek, unda hosil bo’ladigan yoki tashqi muhitdan kiradigan zaharli moddalarni organizmdan tashqi muhitga chiqarib turadigan organlar majmui. Odam va yuksak sut emizuvchilar Chiqarish sistemasi bir juft buyrak, ulardan boshlanadigan bir juft siydik yo’li, qovuq va siydik to’kish nayidan iborat. Bir hujayralilarda suvda eriydigan almashinuv mahsulotlari (ammiak, mochevina) diffuziya yo’li bilan yoki qisqaruvchi vakuolalar orqali, tuban suv hayvonlari (g’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar) da tana yuzasidan diffuziya yo’li bilan chiqariladi. Ko’pchilik ko’p hujayrali umurtqasiz hayvonlarda ichak ham chiqarish funktsiyasini bajaradi. Evolyutsiya jarayonida hayvonlarda ixtisoslashgan maxsus Chiqarish sistemasisi paydo bo’ladi. Tuban chuvalchanglar, priapulidlar, ayrim halqalilar, ko’p tuklilar va mollyuskalar lichinkasida Chiqarish sistemasi — protonefridiylar, halqali chuvalchanglarda metanefridiylar. Qisqichbaqasimonlar Chiqarish sistemasi antennal va maksillyar bezlardan iborat. Quruqlikda hayot kechirishga o’tish namlikni tejashni talab qiladi. Shuning uchun suvda oson eriydigan ammiak va mochevina qiyin eriydigan guanine (o’rgimchaksimonlar) yoki siydik kislotasi bilan (ko’poyoqlilar, hasharotlar, sudralib yuruvchilar, kushlar) almashinadi. Quruqlikda yashovchi bo’g’imoyoqlilarda Chiqarish sistemasi ichak devori yoki malpigi naychalaridan iborat. Chikarish mahsulotlari orqa ichakka o’tib, undagi moddalar almashinuvi mahsulotlari cho’kmaga tushadi, suv esa ichak devori orqali yana qonga so’riladi. Suvsizlangan chiqarish mahsulotlari hazm bo’lmagan oziq qoldiqlari bilan anal tegishidan tashqariga chiqarilady. Bir qancha umurtqasiz hayvonlarda cho’kmaga tushgan chiqarish mahsulotlarini to’plovchi buyraklar bo’ladi. Bu vazifani nematodalarda maxsus hujayralar, yomg’ir chuvalchanglarida xlorogen hujayralar, hasharotlar va ko’poyoqlilarda yog’ tanachalari, zahkashlar (quruqlikda yashovchi qisqichbaqasimonlar) da jigar o’simtalari bajaradi. Xordalilardan qobiqlilarning Chiqarish sistemasi to’plovchi qopchalardan iborat. Lantsetnikning jabralari yaqinida joylashgan nefromiksiylar deb ataladigan Chiqarish sistemasining bir uchi jabra oldi bo’shlig’iga, ikkinchi uchi esa tana bo’shlig’iga ochiladi. Umurtqali hayvonlar Chiqarish sistemasi tipik tselomoduktlardan iborat. Tselomoduktlar to’plami buyraklarni hosil qiladi; buyraklardan boshlanadigan siydik yo’li bevosita kloakaga yoki qovuqqa, qovuq esa siydik to’kish nayi orqali tashqariga ochiladi. Ayrim umurtqali hayvonlarning dengizda yashashga moslanishi ortiqcha tuzni ajratadigan maxsus Chiqarish sistemasini, masalan, plastinkajabrali baliqlarda rektal bezlar, sudralib yuruvchilar va qushlarda tuz bezlarining rivojlanishi bilan bog’liq. Cho’lda yashovchi sut emizuvchilarda esa siydikning osmotik kontsentrasiyasi ko’tariladi. Umurtqali hayvonlar evolyusiyasi va individual rivojlanishi davomida pronefros (bosh buyragi), mezonefros (tana buyragi) va metanefros (chanoq buyrak yoki ikkilamchi buyrak) deb ataladigan buyraklar ketmaket almashingan