CHIRKIN VASILIY ALEKSANDROVICH
CHIRKIN VASILIY ALEKSANDROVICH (1884.12.8, Yekaterinburg 1940.10.6, Toshkent) — rejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1936). Moskva filarmoniyasining drama sinfini tugatgan (1910). 1910-12 yillar Moskva Kichik teatrida, 1917-23 yillar Moskva Harbiy teatrida, 1924-34 yillar Ivanovo Voznesensk, Kursk, Bryansk, Boku, Sverdlovsk, Qozon teatrlarida ishlagan. 1934 yil Totshkentga kelib, rus teatri (hoziegi O’zbekiston rus akademik drama teatri) tashkilotchilaridan va birinchi badiiy rahbari bo’lgan. “Interventsiya” (L. Slavin), “Aristokratlar” (N. Pogodin), “Tubanlikda” (M. Gorkiy), “Telba kun, yoki Figaroning uylanishi” (P. Bomarshe), “Otello” (U. Shekspir), “Momaqaldiroq” (A. Ostrovskiy), “Vanyushin bolalari” (S. Naydyonov), “Pyotr I” (A.Tolstoy), “boy ila xizmatchi” (Hamza), “Hamlet” (U.Shekspir, M.Uyg’ur bilan hamkorlikda) kabi spektakllarga rejissyorlik qilgan. Yuqori ideallarga ishontirishga harakat qilish, hayot haqiqatining yorqin teatr shakllari bilan uyg’unlashib ketishi, spektakllarga Vaxtangov uslubini singdirishga urinish Chirkin rejissurasiga xos.