CHIZELLASH

CHIZELLASH — tuproqqa ishlov berish usullaridan biri; tuproqni yumshatish, aralashtirish, begona o’tlar ildizini yo’qotish vazifasini bajaradi. Chizellash uchun tirkama va osma chizellar osma yoki tirkama boronalar bilan birga ishlatiladi. Tuprog’i og’ir, yaxob berish yoki sho’r yuvishda haydalma qatlami zichlashib ketgan yerlarda 1-2 marta Chizellash o’tkaziladi. Chunki boronalash tuproqni kutilgan darajada yumshatish va uqalantirishga imkon bermaydi. Chizellashni yetilgan tuproq chuqurligi (12-14 santimetr) da qo’llash lozim. Chizellashda ekishga qadar dalaga mineral o’g’itlar solinadigan bo’lsa, ish qurollari ish organlari orasi 25-30 santimetr qilib, ekish qatoriga nisbatan ko’ndalang yo’nalishda o’rnatiladi. Chizellash, ayniqsa, kartoshka va boshqa ildizmevali ekinlarda yaxshi samara beradi, ularning hosiddorligi 15-20% ga oshadi. Begona o’tlar kup o’sgan yerlarni Chizellashda yassi (yotiq) kesmali chizel qo’llaniladi. Taroqlab yig’ilgan ildizpoyalar dala tashqarisiga chiqarilib, yoqib yuboriladi.