CHIZIQLI YOZUV

CHIZIQLI YOZUV 1) Krit orolining eng qadimgi yozuvlari tizimi; A va B turlari farqlanadi. Chiziqli yozuvning B turi (Kritmiken bo’g’in yozuvi) da bitilgan matnlar yunon tili lahjalaridan birini namoyon qiladi. Miloddan avvalgi 15— 14-asrlarga mansub ushbu matnlar 19-asr oxirlarida Krit oroliida, miloddan avvalgi 13-asrga mansub matnlar esa 1939 yilda Peloponnesning Janub qismida topilgan. Bu yozuvdagi matnlar birinchi marta ingliz olimi A. Evans tomonidan 1909 yilda e’lon qilingan. Chiziqli yozuvni o’qishga ingliz olimlari M. Ventris va J. Chedviklar muvaffaq bo’lishgan (1953). Ba’zi olimlarning fikricha, Kritmiken yozuvining ayrim unlilarga yoki undosh va unlidan iborat tovush guruhlariga muvofiq keladigan belgilari keyinchalik yunon tiliga o’zlashtirilgan va moslashtirilgan. Bo’g’inli Kipr yozuvi ham shu yozuv asosida paydo bo’lgan. Chiziqli yozuvning A turi hali o’qilmagan va uning hind-yevropa tillari (xalqlari)ga aloqadorligi isbotlanmagan; 2) imo-ishora tili belgilari, “buyum yozuvi” va qisman piktografik yozuvdan keyingi yozuv turlari [ideografik — ieroglifik, sillabik (bo’g’inli), fonografik (harftovush) yozuvlar] ning umumiy nomi.