CHODAK OLTIN KONI

CHODAK OLTIN KONI – Namangan viloyati Pop tumanidagi kon. Ruda maydoni, asosan, Pirmirob va Guzoqsoyda, shuningdek, bir qancha mayda oltinkumushli namoyonlarni qamrab olgan. Qurama tog’ tizmalarining Janubiy yon bag’rida, Qo’qon shahridan 65 kilometr, Namangandan 73 kilometr masofada Chodak daryosi vodiysining o’rta qismida joylashgan. Kon 1953 yilda ochilgan. Oltin rudalari kvarsoltinli sanoat turiga mansub, kumush keng tarqalgan. Maydon yer po’stining yirik Ugom Qumbel va shimoliy Farg’ona siniqlari tutashgan, yuqori paleozoy vulkanizmi jarayonlari keng rivojlangan (60% dan ko’proq maydonni egallaydi) hududda joylashgan. Maydon tuzilishini bir necha omillar — turli yo’nalishlarda rivojlangan yirik siniqlar (Anjur, Chelpaksoy, Jo’lasoy, Chodakboshi, Pirmirob, Guzoqsoy, Oqbulokgqoraqo’ton va hokazolar) va ularning shoxobchalari murakkablashtirgan O’riklik qubba ko’tarilmasi, Chodak siniqoldi cho’kmasi hamda ushbu strukturalarga quyundi (S3 R,) porfirli granitoid intruziyasining joylashuvi (30% dan ziyodroq maydonni egallagan) belgilaydi. Ruda tanalarining joylashuvi, asosan, fanitoidlar ta’sirida skarnlashgan, berezitlashgan jinslar, argillizitlar, kvarsadulyar metasomatitlar orasida turli siniqlar bilan belgilangan bo’lib, ular plitasimon, murakkab tomir va tomirsimon, linza va ustunsimon shakllarda uchraydi. Ruda tanalarining uzunligi 1000 metrgacha, qalinligi 10 metrgacha, bir necha yuz metr chuqurlikkacha tarqalgan. Oltinning miqdori 30-40 gramm/tonna (o’rtacha 5-6 gramm/tonna), kumushniki 2200 gramm/tonnagacha (o’rtacha 30-80 gramm/tonna) yetadi. Asosiy rudali minerallari: pirit, arsenopirit, xalkopirit, kleofan, galenit, tennantit. Sfalerit, magnetit, gematit, pirargillit, freybergit, polibazit, galenit, allargentum va boshqalar ham uchraydi. Uning asosiy qismi — elektrum shaklida, bir necha (6 tagacha) generasiyasi mavjud; kyustelit ham uchraydi. Rudani yer osti usulida kazib olish qulay. Oltin ajratib olishning eng oson usuli — to’g’ridan-to’g’ri tsianlashtirishdir.