CHO’G’LANMA LAMPA

CHO’G’LANMA LAMPA — elektr toki ta’sirida tolasi (simi) cho’g’lanib nur sochadigan yorug’lik manbai. Ichidan havosi so’rilib, cho’g’lanish jismi (sim) joylangan kolba (lampochka)dan iborat. Ba’zi Cho’g’lanma lampalarning kolbasi tolaning temperaturasi, ya’ni nur sochishini yaxshilash uchun inert gaz bilan to’ldiriladi. Cho’g’lanma lampaning tolasi spiral, bispiral (ikki spiral) yoki trispiral (uch spiral) tarzida o’ralgan volfram simdan qilinadi. Cho’g’lanma lampa yonganda tolasi 2500-3300 K gacha qiziydi; nur sochish quvvati 10-35 lm/ Vt; xizmat muddati 1000 soatgacha. Dastlabki Cho’g’lanma lampani 1872 yilda A. N. Lodigin ixtiro qilgan. 1879 yilda T.A. Edison uni takomillashtirgan. Cho’g’lanma lampalar xonalar va maydonlarni yoritishda, kinoproektsion apparatlarda, konlarda, avtomobillarda ishlatiladi.