“CHO’LI IROQ”
“CHO’LI IROQ” — Iroq maqomi bosh kuy mavzui asosida yaratilgan yirik shakldagi mumtoz cholg’u asar. U g’amgin, qayg’uli ruhiy holatni ifoda etgani bilan teran falsafiy ma’no va mazmunga ega. “Cho’li Iroq” Saraxbor usulining tezlashtirilgan variantiga bog’langan. Kuy tuzilishida cholg’u qismlarga xos bozgo’ylar uchrasada, asosan, maqom sho’balaridek murakkab kuy tuzilmalaridan tarkib topgan. “Cho’li Iroq” ning shakli daromad, 2 ta miyonxat, avjida Muxayyari Chorgoh namudi ishlatilishidan iborat. Asar yakkanavozlikda ko’proq nay, g’ijjak, tanbur, sato, dutor, qo’shnay singari cholg’ularda, shuningdek, turli xil ansambllarda ijro etiladi. O’zbekiston bastakorlari va kompozitorlari o’z asarlarida “Cho’li Iroq” kuy va ohanglaridan unumli foydalanishgan. Shu jumladan, I. Ikromov uning ashula yo’lini Navoiy g’azaliga bog’lab tuzgan, D.Soatqulov o’zbek xalq cholg’ulari orkestri uchun moslashtirib qayta ishlagan.