CHO’LLANISH
CHO’LLANISH — qurg’oqchil iqlimli o’lkalarda ekologik tizimlarning buzilishi, ulardagi organik hayotning barcha shakllari yomonlashuviga va natijada tabiiy-iqtisodiy imkoniyatlarning pasayib ketishiga olib keluvchi tabiiy-geografik hamda antropogen jarayonlar majmui. Bu jarayonlar tabiiy o’simliklar turlari va miqdorining kamayishi, tuproq eroziyasi, tuproqning sho’rlanishi va unumdorligining kamayib ketishi kabilardan iborat. Cho’llanish natijasida cho’llarning maydoni ortadi, cho’l tavsifli landshaftlar yuzaga keladi. Yer yuzasining 48,5 million kilometr kvadratga yaqin qismi cho’l va chala cho’llardan iborat bo’lib, uning 10 million kilometr kvadratga yaqini antropogen omillar ta’sirida yuzaga kelgan. Cho’llanish jarayoni deyarli barcha qit’alarda, ko’proq Afrika, Osiyo, Avstraliya hamda Janubiy Amerikaning qurg’oqchil iklimli hududlarida kuzatilmoqda. O’rta Osiyoda Orol dengizi va Orolbo’yi regionida ham mavjud bo’lib, tang ekologik holat yuzaga keldi. Cho’llanish murakkab va jahon miqyosidagi ekologik muammoga aylandi. Cho’llanish 1968-79 yillarda Afrikada Sahroi Kabirning Janubiy hududlarida, g’arbdan Mavritaniya va Senegaldan boshlab, sharqda Chad va Sudan chegarasigacha bo’lgan juda kata maydonda ro’y bergan va bu qurg’okchilik “Sahel fojiasi” nomi bilan mashhur bo’ldi. Cho’llanishni o’rganish, oldini olish va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari bo’yicha jahon miqyosida ishlar olib boriladi. Bu mavzudagi 1-ilmiy anjuman 1977 yilda Keniyaning Nayrobi shahrida o’tkazilgan va unda Cho’llanishga qarshi kurash rejasi ishlab chiqilgan. Bunday ilmiy anjumanlar O’zbekistonda 1981 yilda Toshkentda, 2000 yilda Samarqandda o’tkazilgan. O’zbekiston Respublikasi 1995 yil 31 oktabrda qurg’oqchilik va Cho’llanishga qarshi kurash xalqaro konventsiyasiga qo’shilgan. Shuhrat Zokirov.