CHOPQUN

CHOPQUN, Chopg’un — o’rta asrlarda aksariyat harbiy harakatlar chog’ida qo’shinning oziq-ovqati, yem-xashagi va boshqa ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, qamalda qolgan shahar, qishloq, qal’a, qo’rg’on va Hisor mudofaachilari tinkasini quritish maqsadida tevarak-atrofdagi joylarga qilingan talonchilik amaliyoti. Chopqunda bir necha yuzdan bir necha minggacha otliq jangchilar — chopqunchilar ishtirok etgan. Chopqun vaqtida qo’lga kiritilgan barcha narsalar, jumladan, bandilar qarorgohga o’lja qilib olib kelingan. Bobur Afg’oniston va Hindiston yurishlari vaqtida Chopqundan unumli foydalangan. Tarixiy manbalarning qayd etishicha, 1502 yil Shayboniyxon Hisor va Chag’oniyon ustiga lashkar tortib borganida, Hisor tevarakatrofini Chopqun qilgan. Uning chopqunchi (yurtovul)lari 100 ming qo’y, 50 ming ot, 50 ming asir va boshqa narsalarni o’lja sifatida xon qarorgohiga olib kelganlar. 1505 yil Shayboniyxon Xorazm voliysi Chinso’figa qarshi otlanganda 5 ming askardan iborat chopqunchini Xiva atrofidagi qishloklarni talash uchun tayinlaydi. Chopqun natijasida 100 mingdan ortiq qoramol, qo’y, ot va boshqalar qo’lga kiritilgan.