CHOR BAKR
CHOR BAKR — Buxoroda yashab o’tgan (9-10-asrlar) mashhur to’rt Shayx, masavvufning yirik namoyandalari. Chor Bakrlarning ajdodlari payg’ambar Muhammad (sav)ning nabirasi Imom Husaynga borib taqaladi. Ular Ali avlodlaridan 4-imom bo’lgan Ja’far as-sodiqning nevaralari hisoblangan. Abu Bakr Sa’d, Abu Bakr Axmad ibn Xoja Sa’d Yamaniy (9-asr oxiri — 971), Buxoroda tug’ilgan. Uning otasi Xoja Sa’d Yamaniy Imom Husaynning Zaynulobidin ismli o’g’lining farzandi bo’lib, u Buxoroga Ali ibn Alhusayn bilan birgalikda kelib qolgan (9-asrning so’nggi choragi). Narshaxiyning yozishicha, Somoniylar amiri Ismoil Somoniy unga Buxoro yaqinidagi Jo’yi Mo’liyon mavzeidagi serhosil yerlarning katta qismini vaqf qilib bergan. Xoja Sa’d Buxoro atrofidagi Sumitan qishlog’ida chorbog’, bog’, Sardoba, tegirmon, hovuz va boshqa binolar barpo etib, bu yerdan katta daromad olgan. Abu Bakr Sa’d va uning avlodlari Somoniylar davrida Buxoroda shayxulislomlik qilishgan. Abu Bakr Sa’d otasi vafot etgach, uning o’rniga Ismoil Somoniyning piri hisoblangan. U fikd maktabini tashkil etib, ko’plab ulamolarga ustozlik qilgan. Abu Bakr Fazl, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl ibn Ja’far al-Buxoriy (9-asrning 2-yarmi — 937), Imom Ja’far assodiq avlodidan. Somoniylar davrida Buxoroga kelib qolgan. Uning “Musnadi Fazl” kitobi ayniqsa mashhur bo’lib, bu asar Chingizxon Buxoroni bosib olganda yondirib yuborilgan. Abu Bakr Muhammad, Abu Bakr Muhammad ibn Hamid (9-asrning 2-yarmi — 937). Unga “Shayx ul olam” unvoni berilgan. U Abu Bakr Fazl bilan bir yilda vafot etgan va ikkalasining qabrlari ham bir joyda yonmayon joylashgan. Abu Bakr Tarxon, Imom Abu Bakr Tarxon (9-asrning 2-yarmi — 945). “Kitobi Mullazoda” asarida yozilishicha, u “Jome’ va Musnad” kitobini yozgan. Chor Bakrlar Buxoroda vafot etgan va shahar yaqinidagi Sumitan mavzeida dafn etilgan. Ularning kabrlari ustida Abdullaxon II (16 asr) davrida hashamatli maqbara va boshqa me’moriy inshootlar qurilgan. Chor Bakrlar shajarasidan 16-asrda Jo’ybor xojalari nomi bilan mashhur bo’lgan Naqshbandiya tariqatining yirik shayxlari yetishib chiqqan. Buxorolik shoir Toshpo’lat Ahmad Chor Bakrlar faoliyati haqida “Chor Bakr” (1999) dostonini yozgan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Gafurova L.G., Kitobi Mullazade, T., 1992; Husenov S, Rajabova I., Chor Bakr, T., 2001; Yo’ldoshev N., Qurbonov H., Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi, Buxoro, 2001. Qahramon Rajabov.