CHO’RTANSIMONLAR

CHO’RTANSIMONLAR (Esocidae) losossimonlar turkumiga mansub baliqlar oilasi. 1 uruqqa mansub 5 turi ma’lum. Yer yuzida keng tarqalgan. Qora, Azov, Kaspiy, Orol, Boltiq, Oq, Barents va Oxota dengizlarida ham uchraydi. Boshi katta, tumshug’i cho’ziq, yassi. Og’iz bo’shlig’idagi suyaklar va tili mayda tishlar bilan qoplangan. Tangachalari mayda. Tipik vakili odsiy cho’rtan baliq gavdasi 1,5 metrgacha, og’irligi 35 kilogrammdan ortiq. Usti kulrang-yashil, kulrang-sarg’ish yoki qo’ng’ir bo’lib, qorni oq. Ko’ndalangiga va uzunasiga o’tgan yo’llari va qoramtir xollari bor. Yelka, anal va dum suzgich qanoti qora xolli qo’ng’ir, ko’krak hamda qorin suzgichi — sarg’ish-qizil. Ko’llarda, daryolarning tinch oqar va o’simlikka boy joylarida yakka yashaydi. O’zbekistonda Amu va Sirdaryoda, Aydarko’lda uchraydi. 175-215 ming uvildiriq tashlaydi. Erkagi 3-4, urg’ochisi 5 yoshda voyaga yetadi. Yirtkich. Baliq, baqa, suv qushlari va boshqalar bilan oziqlanadi. Soni keskin kamayib ketgan.