CHOTTOPADDHAYA BONKIMCHONDRO
CHOTTOPADDHAYA BONKIMCHONDRO (1838.26.6, Kantalpara, Kalkutta yaqinida — 1894.8.4, Kalkutta) — hind yozuvchisi va shoiri. Bengal tilida ijod etgan. Bengal adabiyotida tarixiy roman janrining asoschisi. Asarlarida vatanparvarlik va hind xalqining milliy ozodlik uchun kurashi bobidagi yetuk g’oyalar aks etgan. Chottopaddhayaning “seni olqishlayman, Vatan!” she’ri hind xalqining 1905-47 yillar mobaynidagi milliy ozodlik kurashining gimni bo’lib kelgan. “Chondroshekhar” (1873), “Baxt makoni” (1882), “Raj Singh” (1893) romanlari mustaqillik uchun kurash hissiyotlari bilan sug’orilgan. Ijtimoiy muammolar, jumladan, jamiyatda ayollar huquqini cheklanganligi muammosi “zaharlangan daraxt” (1872), “Krishnokanto vasiyati” (1875) kabi romanlarida aks ettirilgan. Chottopaddhaya ma’rifatparvar, publitsist va “Bongodorshon” jurnalining bosh muharriri sifatidagi faoliyati bilan Bengaliyaning madaniy hayotida alohida o’rin tutib kelgan. Chottopaddhayaning bir qancha tarixiy, adabiy, ijtimoiy va ilmiyfalsafiy maqolalari, satiric hikoyalar to’plamlari ham bor.