CHU-ILI TOG’LARI

CHU-ILI TOG’LARI – Janubiy Qozog’istondagi yemirilgan past tog’li o’lka. Janubi Sharqda orqa ili Olatovi, shimoli g’arbda Betpakdala bilan tutashadi. Janubiy Sharqiy qismi Aytov (eng baland joyi 1800 metr — Chu-ili tog’larining eng baland qismi) deb nomlanadi. Aytovning Janubiy g’arbiy yon bag’ri tik, shimoliy sharqiysi yotiq. Uning sharqida Qorauy platosi, shimoli sharqida Xontov joylashgan (eng baland joyi 1200 metr). Xontovning shimoli g’arbidagi yemirilgan past tog’li Jeltov Betpakdalaga tutashadi. Aytovning Janubdagi kopii botig’i uni Kandiktos tog’idan ajratib turadi. Chu-ili tog’lari qadimiy tog’lar bo’lib, zamini, asosan, paleozoy, usti mezokaynozoy yotqiziqlari (slanes, granit, ohaktosh, gipssimon jinslar, qumtoshlar) dan tashkil topgan. Qishi sovuq, yozi quruq va issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -14°, -15°, iyulniki 23°-25°. Yiliga 350-400 millimetr yog’in tushadi, shimoliy Sharqiy yon bag’rida 200-250 millimetr. Tog’larning quyi qismida cho’l, so’ngra adir, yuqori qismida tog’ mintaqasi mavjud. Yon bag’irlari cho’l-dasht o’simliklari bilan qoplangan.