CHUKOTKA MUXTOR OKRUGI
CHUKOTKA MUXTOR OKRUGI – Rossiya Federatsiyasidagi Muxtor okrug. 1930 yil 10 dekabrda tashkil etilgan. Rossiya Federatsiyasining chekka yarim sharqida. Chukotka yarim oroli va materikning bir qismi hamda orollar (Vrangel, Ayon, Arakamchechen, Ratmanov va boshqalar) da joylashgan. Sharqiy Sibir, Chukotka va bering dengizlari bilan chegaradosh. Okrugning ko’pgina qismi shimoliy Kugbiy doiradan shimolda. Maydoni 737,7 ming kilometr kvadrat. Aholisi 73,8 ming kishi (2002), asosan, ruslar (66%), shuningdek, ukrain; shimoliy xalqlaridan: chukcha, even, eskimos, chuvan, yukagir va boshqalar yashaydi. Shahar aholisi 69,3%. 8 ma’muriy tumanga bo’lingan, 3 shahar, 15 shaharcha bor. Markazi — Anadir shahri. Boshqa shaharlari — Bilibino, Pevek. Chukotka muxtor okrugi hududida paleolit davridan odamlar yashab kelgan. 17-asrda Chukotkani Rossiya egallagan. 19-asrning 20-yillaridan Amerika sanoatchi va savdogarlari kela boshlagan. Sharqiy Sibir va Chukotka dengizlarining qirg’oqlari kam o’yilgan, yirik qo’ltig’i — Chauna qo’ltikchasi. Bering dengizida chuqur fordlar va yirik qo’ltiqlar bor. Okrug hududini o’rab turgan dengizlar yilning ko’p qismida muz bilan qoplanib yotadi. Okrugning Markaziy qismda Anadir yassitog’ligi, Janubiy sharqida Anadir pasttekisligi, shimoli sharqda Chukotka tog’ligi (eng baland joyi 1843 metr) bor. Foydali qazilmalardan qalay, simob ruda konlari, toshko’mir, qo’ng’ir ko’mir, gaz va boshqalar topilgan. Iqlimi qattiq sovuq. Ichki rayonlarda keskin kontinental. Qishi 10 oygacha davom etadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi bering dengizi sohillarida -15°, -21°, ichki qismlarida -27°, -39°. Eng past temperatura -38°, -55°. Qishda kuchli shamollar esadi. Yozi qisqa, salqin va seryog’in. Iyulning o’rtacha temperaturasi 5-10°, Anadir pasttekisligida 13°— 14°. Yiliga 200-500 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri okrugning Janub qismida 80-100 kun. Keng maydonlar ko’p yillik muzloq yerlardan iborat. Daryolari Shimoliy Muz okeani va Tinch okean havzalariga mansub. Eng yiriklari: Anadir, Velikaya, Amguema, Omolon, Kagga va kichik Anyuy. Ko’l ko’p. Okrug o’rmonli tundra, tundra va Arktika cho’llari zonasida joylashgan. Tuproqlari, asosan, tog’tundra tuproqlari, pasttekisliklarda gleyli, gleylibotqoq va torfgleyli tuproqlar mavjud. Tundra o’simliklari o’sadi. Tog’larning yuqori yon bag’rilarida va Vrangel orolida Arktika muz sahrolari bor. Anadir va boshqa yirik daryolar havzasida to’p-to’p o’rmonlar (tilog’och, terak, koreys toli, qayin, qandag’och va boshqalar) uchraydi. Chukotka muxtor okrugida qutb tulkisi, bo’ri, rosomaxa, burunduq, olmaxon, lemming, oq quyon, qo’ng’ir va oq ayiqlar; qushlardan oq va tundra kuri, o’rdak, g’oz, oqqush va boshqalar yashaydi. Sohilda “Qushlar bozori”da kayra, Gaga, chag’alaylar bor. Dengizlarda baliq (keta, gorbusha, Goles) va dengiz hayvonlari (morj, nerpa va boshqalar) ko’p. Daryo va ko’llarda chir, nelma, xarius mavjud. Vrangel oroli qo’riqxonasi bor. Okrug iqtisodiyotida kon sanoati yetakchi o’rinda. Oltin, qalay, volfram, simob, ko’mir qazib olinadi. Issiqlik elektr markazlari bor. Baliq, qurilish materiallari sanoatlari rivojlangan. Baliq, mo’ynali va dengiz hayvonlari ovlanadi. Qishloq xo’jaligida yetakchi tarmoq — bug’uchilik. Sut chorvachiligi, cho’chqachilik, parrandachilik, shuningdek, darrandachilik (oq tulki, kumush rangqora tulki kupaytiriladi) salmoqli o’rin egallaydi. Issiqxona xo’jaligi rivojlangan. Kartoshka, sabzavot yetishtiriladi. Asosiy transport turlari — dengiz va havo transportlari. Portlari: Pevek, Provideniya, Anadir, Egvekinot, Bering. Kema katnaydigan daryolari: Anadir, Velikaya, katta va kichik Anyuy. Qattiq qoplamali yo’llar uzunligi 1279 kilometr. (2002). Chukotka muxtor okrugida umumiy ta’lim maktablari, o’rta maxsus bilim yurtlari, kutubxona, o’lkashunoslik muzeyi, sanatoriykurort muassasasi va boshqalar bor.