CHUQURLIK O’LCHAGICH

CHUQURLIK O’LCHAGICH – 1) detallardagi teshiklar, o’yiqlar, rezbalarning botiqlari va boshqalar chuqurligini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob. Chuqurlikning o’lchami aniqlanadigan hisoblash qurilmasining xiliga qarab, Chuqurlik o’lchagich shtangen, mikrometrik va indikatorli turlarga bo’linadi. Shtangen Chuqurlik o’lchagich asosli ramka, shtanga, mikrometrik mexanizm va nonius (darajalangan reyka) dan iborat. Uning o’lchash chegarasi 320 millimetrgacha, bo’linmasining qiymati 0,05 millimetr hamda o’lchash chegarasi 500 millimetrgacha, bo’linmasining qiymati 0,1 millimetr bo’lgan xillari bor. Mikrometrik Chuqurlik o’lchagich asos, darajalangan sterjen, o’lchash sterjeni, baraban, tartarak va stopor (qotirgich) dan iborat. Uning o’lchash chegarasi 150 millimetrgacha, bo’linmasining qiymati 0,01 millimetr. Indikatorli Chuqurlik o’lchagich asos, tutqich, indikator va ulchash sterjenidan iborat. Uning o’lchash chegarasi 100 millimetrgacha, bo’linmasining qiymati 0,01 millimetr. Mikrometrik va indikatorli Chuqurlik o’lchagichlar almashtirib tursa bo’ladigan o’lchash sterjeni bilan ta’minlanadi. Ko’rsatkichlar bevosita mikrometr yoki indikator buyicha hisoblanadi. Shtangen Chuqurlik o’lchagichlarda ko’rsatkichlar bevosita darajalarga bo’lingan reykadan o’lchanadi; 2) suvning chuqurligi o’lchanadigan asbob.