CHYAPAS

CHYAPAS — Meksikaning Janubiy Sharqiy qismidagi shtat. Maydoni 73,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,92 million kishi (2000), asosan, indeyslar. Ma’muriy markazi — Tustlaguterres shahri. Relyefi Tinch okean sohili bo’ylab cho’zilgan tog’lardan (eng baland joyi, 4117 metr, Takana vulkani), Markaziy qismida yassitog’liklardan (balandligi 500-1500 metr) iborat. Shimolda pasttekisliklar bor. Iqlimi tropik, issiq va sernam iqlim. O’rtacha oylik temperatura 22— 27°. Yillik yog’in 1200-1500 millimetr. Nam tropik o’rmonlar, savannalar, tog’larda igna bargli o’rmonlar bor. Plantatsiya xo’jaligi rivojlangan. Makkajo’xori, loviya ekiladi. Neft va gazning yirik konlari topilgan. Oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Indeys xalqining badiiy hunarmandchiligi rivojlangan. Chyapas hududidan Panamerika shossesi o’tadi.