DABIRIY

DABIRIY – Kattaqo’rg’oniy, miyno (taxalluslari; asl ismi Ostonaqul Abdushukur o’g’li) (1871 — Kattaqo’rg’on shahri yaqinidagi Payshanba qishlog’i — 1939) — shoir, xattot. Buxorodagi Xalifa Husayn madrasasida tahsil ko’rgan. O’z qishlog’i va Buxoro amiri saroyida mirzalik qilgan. “Yosh buxoroliklar”ga qo’shilib Amir Olimxonga qarshi harakatda qatnashgan. 1917 yil oktabr davlat to’ntarishidan keyin yangi usuldagi maktabda muallimlik qilgan, ko’hna qo’lyozmalarni qidirib topish bilan ham shug’ullangan. O’zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Devon tuzgan, ammo devoni Amir kishilari tomonidan yoqib yuborilgan. Asarlaridan namunalar “Bayozi Valiy”, “Bayozi Maxdiy”, “Bayozi Muhibbiy” kabi manbalarda saqlangan. Bizgacha 2000 misra she’rlari yetib kelgan. Xiromiyning “Chor darvesh” dostonini o’z qo’li bilan ko’chirib, muqaddima (she’riy ta’rix) va so’nggi so’z bilan Kogonda chop ettirgan.