DAFNA YAPROG’I

DAFNA YAPROG’I — dafna daraxtining quritilgan bargi, xushbo’y hidli ziravor; tarkibida 3% gacha efir moyi bor. Pazandachilikda ishlatiladigan Dafna yaprog’i to’q yashil, och yashil rangda, kalta bandli, mazasi taxirroq. Suyuq va quyuq ovqatlarga, sho’rvalarga solinganda (suyuq ovqatlarga ovqat pishishidan 5 minut oldin, quyuq ovqatlarga 10 minut oldin) o’ziga xos ta’m va xushbo’ylik beradi, sous va marinad va tuzlamalarga qo’shiladi; g’oz, o’rdak, baliq go’shtlari, shuningdek, uringan go’shtlar hidini yo’qotishda, konserva va qandolatchilik sanoatida ishlatiladi. Tuzlashda 100 kilogramm karamga 3-4 dona yaproq ishlatiladi. Tibbiyotda jigar va taloq shishlarida foydasi katta, qulanj (ich qotishi) da ham iste’mol qilinadi.