DAKRIOSISTIT

DAKRIOSISTIT (Yunoncha dacryon — yosh va kystis — xaltacha) — ko’z Yoshi xaltachasining yallig’lanishi. Yosh xaltachasini burun bo’shlig’iga tutashtirib turadigan yo’lning bekilib qolishi sabab bo’ladi. Bunda ko’z yoshi burunga ravon o’tmaydi, keyinchalik butunlay o’tmay qoladi. Bu yo’lning bekilishiga ko’proq burun bo’shlig’i va uning atrofida joylashgan bo’shliqlar shilliq pardalarining yallig’lanishi sabab bo’ladi. O’tkir, surunkali va chaqaloqlar Dakriosistiti farq qilinadi. Bemor ko’zining yoshlanishi va yiring chiqishidan shikoyat qiladi. Pastki qovoqning burun tomoni shishadi, qizaradi. Ko’p yosh oqadi, yiring chiqadi. Xaltachada to’planib qolgan yoshga biror infektsiya tushsa, xaltachaning shilliq pardasi yallig’lanishi mumkin (surunkali Dakriosistit). Yallig’lanish xaltacha devoridagi to’qimalarga o’tib ketsa, o’tkir yoki flegmonoz Dakriosistit paydo bo’ladi. O’tkir Dakriosistitda bemorning boshi og’rib, temperaturasi ko’tariladi, umumiy ahvoli og’irlashadi. Yosh xaltachasining ustidagi teri shishib, qizaradi, burun va iyak tomonga tarqalishi mumkin. Chaqaloqlar Dakriosistiti yosh burun kanalining burunga ochiladigan joyida bo’ladigan pardaning bola tug’ilguncha so’rilmay qolishi (to’siq borligi) natijasida vujudga keladi; klinik belgilari surunkali Dakriosistitga o’xshab ketadi. Bemorni vrach davolaydi. O’z vaqtida uni keltirib chikaruvchi sabab bartaraf etilishi lozim. Ba’zan jarroxlik usuli qo’llaniladi — dakriosistorinostomiya qilinadi, ya’ni yosh xaltachasi bilan burun bo’shlig’i tutashtiriladi. O’tkir Dakriosistitda antibiotik va sulfanilamid preparatlari yaxshi naf beradi. Agar yosh xaltachasining flegmonasida flyuktuasiya paydo bo’lsa, uni ochib yiringi chiqariladi. O’tkir yallig’lanish belgilari yo’qolgandan so’ng operatsiya qilinadi. Chaqaloqlar Dakriosistiti yosh xaltachasini massaj qilish, yosh oqish yo’llarini zondlash, kateterlash va yuvish bilan tuzatiladi; bular naf bermasa, ichki (endonazal) yoki dakriosistorinostomiya operatsiyasi qilinadi.