DALIL

DALIL — sud ishlarida isbotlanishi lozim bo’lgan holatlarni tasdiqlaydigan yoki inkor etadigan turli faktik ma’lumotlar. Dalil sudda haqiqatni aniqlab, odilona qarorga kelish uchun yagona asosdir. O’zbekiston Respublikasida Dalil fuqarolik, xo’jalik, ma’muriy va jinoyat ishlarini yuritishga oid qonunlar bilan belgilangan tartibda to’planishi, tekshirilishi va baholanishi shart. Dalil fuqarolik ishlarida tortishuvchi taraflarning talab va e’tirozlarini asoslashga, jinoyat ishlarida jinoiy voqea yuz bergani, uni sodir etgan shaxs kimligi, jinoyat maqsadi, ayblilik darajasi, yetkazilgan zararning miqdori to’la va aniq belgilanishiga xizmat qiladi. Dalillarni faqat vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar to’playdi. Tergov va sud ishtirokchilari Dalil taqdim etishi, ularni ishga qo’shish haqida iltimos qilishi mumkin. Dalil sifatida da’vogar va javobgarning sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko’rsatuvlari, turli hujjatlar, ashyoviy dalillar va ekspert xulosalaridan foydalaniladi.