DALVARZINTEPA

DALVARZINTEPA — so’nggi jez davriga mansub qishloq xarobasi (miloddan avvalgi 10-8-asrlar). Chust madaniyatinit eng yirik yodgorligi. Andijon viloyatining oyim qishlog’i yaqinidan topilgan. Dalvarzintepaning 6000 metr kvadratga yaqin qismi ochilgan (1966). 2,5 metrdan 3,5 metrgacha madaniy qatlam 3 qurilish qavatiga bo’linadi. Har bir qavatidan uy-joy qoldiqlari, jez quyish ustaxonalari, g’alla o’ralari, mehnat qurollari topilgan. Biroq uylar kam ochilgan vaetarli o’rganilmagan. Madaniy qatlamda tashlandiq uy-joylar o’rnida yon tomoni bilan g’ujanak holda yotgan bir qancha murdalar, ko’p miqdorda alohida suyaklar topildi. Bular Dalvarzintepada yashagan kishilar antropologik jihatdan evropeoid irqqa mansub bo’lganligini ko’rsatadi. Aholining asosiy mashg’uloti dehqonchilik va chorvachilik bo’lgan. Donni qayta ishlash uchun yorg’uchoqdan foydalanilgan. Topilgan hayvon suyaklari aholi uy hayvonlarining barcha turini parvarish qilganligini ko’rsatadi. Dalvarzintepada jez quyish ishi ancha rivojlangan. Jezdan qilingan o’roq, iskana, bigiz, igna, nayza, o’qning uch qismi va zeb-ziynat buyumlari uchraydi. Dalvarzintepadan topilgan temir pichoq va temir parchalar qadimgi Farg’ona aholisi metall bilan ancha erta tanish bo’lganligini ko’rsatadi. Topilmalar orasida to’qimachilikning ancha taraqqiy etganligidan darak beruvchi materiallar (jez igna, bigiz, urchuq va boshqalar) bor.

DALVARZINTEPA — qadimgi shahar xarobasi. Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumani markazi — Sho’rchi shahridan 10 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. Maydoni 47 gektar. Dalvarzintepa 2 qismdan: qudratli mudofaa devori (qalinligi 10 metrgacha) bilan o’rab olingan shoh saroy qal’asi va shaharning o’zidan iborat. Shahar ham mudofaaning istehkomli tizimiga ega bo’lib, bu yerda aslzodalar, hunarmandlar, kulollar, savdogarlar va ruhoniylar istiqomat qilishgan. O’zbekiston san’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutining san’atshunoslik ekspeditsiyasi Dalvarzintepada 1962 yil dastlabki tekshiruv ishlarini va 1967 yildan buyon muntazam arxeologik qidiruv ishlarini olib boradi. Dushanba shahrida “Kushonlar davrida Markaziy Osiyo” mavzuida o’tgan xalqaro simpoziumi (1968) da ekspeditsiya topilmalari (haykallar, kulolchilik buyumlari, shahar mudofaa inshootlarini o’rganish natijalari va hokazolar) asosida Kushon podsholigining dastlabki poytaxti Dalvarzintepa o’rnida bo’lgan, degan faraz oldinga surilgan edi. Miloddan avvalgi 2-asr oxiri —1-asrlarda hozirgi Dalvarzintepa o’rnida kichik manzilgoh paydo bo’lgan. Kushon podsholaridan Kanishka davrida Dalvarzintepa shahar sifatida shakllangan. Miloddan avvalgi 1-asr oxiri — milodiy boshlarida shimoliy Baqtriya hududida Dalvarzintepadan boshqa bunchalik yirik shahar manbalarda qayd etilmagan. Shahar hududida uni bir qancha mahallalarga ajratgan shohko’chalar, shuningdek, torko’chalar bo’lgan. Kengligi 12 metrga yaqin shoh ko’chalardan biri badavlat fuqarolarning uylaridan ikkitasiga (dala belgisi: DT-5 va DT-6) borib taqaladi. 1972 yil ekspeditsiya shu uylarning biridan vazni salkam 36 kilogramm chamasi keladigan oltin bezaklardan va yombilardan iborat noyob xazinani va fil suyagidan ishlangan, dunyoda eng qadimgi bo’lgan shaxmat donalarini topdi. Badavlat fuqarolarning mahallasidan tashqari shaharda, arkka (qo’rg’onga) yaqin yerda hunarmandlar va kulollarning uylari joylashgan. Shu yerda ko’p xonali uy, kulolchilik buyumlarini quritish maydonchasi va 11 xumdon ochildi. Qadimgi sharobpazlar yashab, ishlagan uylar va musallasxonalar shaharning qarshi tomonida joylashgan. Dalvarzintepaning shimoliy-g’arbiy qismidan Kushon ma’budalaridan biriga bag’ishlangan ibodatxona topilgan. Shahar devori tashqarisida esa budda ibodatxonasi va aslzodalar dafn etilgan daxma topildi. Asosiy shohko’chalardan biri o’tgan shahar markazida budda majmuasi — ulug’vor haykallari bo’lgan ibodatxona qad ko’targan (dala belgisi: DT-25). Milodiy 3-asr oxiri — 4-asr boshlarida Kushon podsholigi eftaliylar tomonidan zabt etilgandan keyin Dalvarzintepa vayron kilinib hayot faqat uning bir qismidagina (hozirgi qal’a (Hisor) shoh saroyi o’rnida) saqlanib kelgan. Arablar istilosidan so’ng shahar batamom vayron qilinib, hayot Dalvarzintepadan 10 kilometr chamasi sharqda, Budrochtepa o’rniga ko’chgan. 1989 yil Dalvarzintepani o’rganishda yangi bosqich bo’ldi — O’zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi bilan Yaponiyaning Tokiodagi Soka universiteti va Kashixaradagi Arxeologiya institutining professor Kyudzo Kato rahbarligidagi ekspeditsiyasi hamkorlikda ish olib borishmoqda. Markaziy Osiyo buddaviylik tarixini o’rganish, buddaviylik personajlari ikonografiyasi, shaharsozlik jarayonining o’ziga xos jihatlari va qonuniyatlari, davlatchilikning shakllanishi, Buyuk ipak yo’li izlari, kushonlar davridagi diniy e’tiqodlarning o’zaro ta’siri va ular Baqtriya-Toxariston san’atida aks ettirilishi yapon va o’zbek olimlari oldidagi eng dolzarb ilmiy muammolar qatorida turadi. Ly.; Dalverzintepe [Kollektiv], T., 1978; Pugachenkova G. A., Rtveladze E. V., Dalverzintepe — Kushanskiy gorod na yuge Uzbekistana, T., 1978; Rtveladze E., Velikiy shelkoviy put. Entsiklopedicheskiy spravochnik, T., 1999. Bahodir Turg’unov.