DANFIGANKET

DANFIGANKET, Dinvagikad (so’g’diycha — muqaddas din ibodatxonasining joyi) — o’rta asrlarga oid shahar o’rni. Sharq geograflarining ma’lumotiga qaraganda, u Shosh viloyatining markazi Binkatdan 5 farsax (35-40 kilometr) uzoqlikda xalqaro karvon yo’li ustida joylashgan. Danfiganket xarobalari hozirgi Niyozboshi qishlog’i yaqinidagi Yo’g’ontepa degan joyda joylashgan bo’lib, atrofi devor bilan o’ralgan to’g’ri burchakli qal’a va shahristondan iborat. Unda hunarmandlarning katta guzari bo’lgan. Danfiganket 6-7-asrlarda shahar holiga kelgan va 9-12-asrlarda gullash davrini boshdan kechirgan. Mo’g’ullarning talonchilik hujumi natijasida 13-asr boshlarida shahar vayronaga aylangan.