DARVIN

DARVIN — Avstraliyaning shimol qismidagi shahar. Shimol hududning ma’muriy markazi. Aholisi 88,1 ming kishi (1999). Timor dengizi sohilidagi port. Shosse va temir yo’l orqali Port-Ogasta shahri va mamlakat janubi bilan bog’langan. Xalqaro aeroport bor. Yetakchi sanoat tarmog’i — oziq-ovqat sanoati (go’sht va baliq konservasi ishlab chiqarish). Taxta tilish korxonalari, aviatsiya va temir yo’l ustaxonalari mavjud. Aholining bir qismi baliqovlash b-n shug’ullanadi. Darvin yaqinidan mis rudasi olinadi. Shaharga 1869 yilda asos solingan va ingliz olimi Ch. Darvin nomi bilan atalgan.