DAVIDZON G’O’ZASI

DAVIDZON G’O’ZASI (Gossypium davidsonii Kell.) — yovvoyi g’o’za turi. Genomi D2_d, xromosomalar soni 2p=26. 1873 yilda topilgan. Birinchi marta Keller ta’riflab bergan (1912). Meksikaning Sonora shtatida, quyi Kaliforniyada va Ravilya, Gigedo orolida tarqalgan. Davidzon g’o’zasi ko’p yillik, sertuk buta, bo’yi 2 metrgacha. Hosil shoxlari 2-3 bo’g’imli. Barglari mayda, butun yoki 1-2 bo’lakchali, yuraksimon, uchi cho’ziq va o’tkir, och yashil, baxmalsimon. Barg shira bezi bitta, tomir uchlari mayda, qizil. Gullari mayda, kosachasimon, sariq, asosida maydamayda to’q qizil dog’lari bor. Gulyonbarglari yuraksimon, 6-8 uchli tishchalar bor. Ko’saklari mayda, dumaloq, uchi o’tkir, 3 — 5 chanoqli, to’liq ochilmaydi. Chigiti mayda, toshdek qattiq, 3-4 millimetrli qo’ng’ir tuklari chigitga yopishgan. Davidzon g’o’zasi qurg’oqchilikka, sho’rga chidamli, serhosil, bitlar va bakteriozdan kam zararlanadi. Klossh, Armur g’o’zalari bilan oson chatishadi. Abdumavlon Abdullayev.