DAVLAT BAYROG’I

DAVLAT BAYROG’I — davlatning asosiy ramzlaridan biri: rasmiy, boshqa davlatlardan farqlovchi belgisi, emblemasi. Davlat bayrog’ining tasviri maxsus qonun yoki Konstitutsiya bilan belgilanadi. Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. U gerb yoki boshqa emblema tasvirlangan bir yoki ko’p rangli alvondan iborat bo’ladi. Davlat bayrog’i davlat muassasalari, elchixonalar, konsulliklar, vakolatxonalar, bojxonalar va hokazo binolarida ko’tariladi. Milliy bayramlar kunlari elchixonalar, vakolatxonalar, konsulliklar o’z mamlakati bayrog’ini ko’taradi. Davlat bayrog’i, shuningdek, marosimlar paytida, xalqaro sport sovrinlari topshirilayotganda va boshqa hollarda ham ko’tariladi. O’zbekistan Respublikasi Davlat bayrog’ining sxematik va rangli tasviri “O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrogi to’g’risida”gi qonun (1991 yil 18 noyabr) da tasdiqlangan. O’zbekistan Respublikasi Davlat bayrog’i bayroqning butun uzunligi bo’ylab to’q moviy rang, oq rang va to’q yashil rangli uchta endan tashkil topgan to’g’ri to’rtburchak shaklidagi matodir. Bayroqning yuqori qismida yarim oy va 12 yulduz tasviri tushirilgan. Bayroqning uzunligi 250 santimetr, kengligi 125 santimetrga teng. O’zbekistan Respublikasining Davlat bayrog’i xalqaro maydonda; O’zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog’ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko’rgazmalarida, sport musobaqalarida O’zbekiston Respublikasining timsoli bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i va uni ko’tarish bilan bog’liq tartib-qoidalar yuqoridagi qonunda belgilangan. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i doimiy suratda, jumladan, mamlakat Prezidenta, Oliy Majlis, O’zbekiston hukumati, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, hokimliklar ish olib borayotgan binolarda, O’zbekistonning rasmiy delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, bayram kunlari — vazirliklar, davlat qumitalari va muassasalari, korxonalar va tashkilotlar binolari, shuningdek, uy-joy binolarida ko’tariladi.